Byudjet mablag‘lari ochiqlandi
Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi tomonidan “Byudjet va mablag‘lar: ajratilgan pul qayerga va qanday sarflanadi” mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi.
Tadbirda adliya boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Kamoljon Xoliqov davlat byudjetidan ajratilayotgan mablag‘larning maqsadli sarflanishi, ularning yo‘naltirilishi hamda bu jarayonda amalga oshirilayotgan nazorat mexanizmlari haqida batafsil ma’lumot berdi.
Anjumanda ta’kidlanganidek, byudjet mablag‘laridan samarali va maqsadli foydalanish davlat boshqaruvida ochiqlik va hisobdorlikni ta’minlashning muhim sharti hisoblanadi. Shu munosabat bilan moliyaviy intizomni kuchaytirish, ortiqcha sarf-xarajatlarning oldini olish hamda jamoatchilik nazoratini yanada faollashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, adliya boshqarmasi tomonidan 2026-yilning 1-choragida byudjet mablag‘lari hisobidan jami 1 mlrd 395 mln so‘m miqdorida xarajatlar amalga oshirilgan. Shundan, ish haqi uchun 1 mlrd 81 mln so‘m, 25 foizlik ijtimoiy soliq uchun 266 mln so‘m, elektr energiyasi uchun esa 48 mln so‘m sarflangan.
[gallery-29112]
Shuningdek, byudjet mablag‘laridan foydalanishda shaffoflikni ta’minlash maqsadida ichki nazorat tizimlari va hisobot berish mexanizmlari yanada takomillashtirilayotgani qayd etildi. Bu esa moliyaviy intizomni mustahkamlash va resurslardan samarali foydalanishga xizmat qiladi.
Tadbirda jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, OAV bilan hamkorlikni kengaytirish hamda har bir sarf-xarajat yuzasidan ochiqlikni ta’minlash zarurligi alohida ta’kidlandi.
Matbuot anjumani ochiq muloqot ruhida o‘tib, ishtirokchilar tomonidan berilgan savollarga mutaxassislar batafsil javob qaytardilar.
G‘ulom Primov, Umid Obidjonov (surat), O‘zA