Buxorolik shifokorlar Xo‘jaylida
Buxoro viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi tashabbusi bilan tajribali tibbiyot xodimlari, Buxoro davlat tibbiyot instituti professor-o‘qituvchilaridan iborat 47 kishilik shifokorlar guruhi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xo‘jayli tumanida aholini chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazmoqda
– Asosiy maqsad aholini chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, – deydi Buxoro shahar ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasi mudiri Xushnud Jalilov. – Shuningdek, davo muolajalarini belgilash, birlamchi tibbiy-sanitariya tizimida faoliyat ko‘rsatayotgan tibbiyot xodimlariga amaliy yordam ko‘rsatish va sog‘lom turmush tarzi targ‘ibotini olib borishdir.

Orol bo‘yi mintaqasida ekologik vaziyat nihoyatda murakkab. Bu esa hududda ko‘plab kasalliklar avj olishiga sabab bo‘lmoqda. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Xo‘jayli tumani tibbiyot birlashmasi hamda Buxoro viloyati hokimligi, sog‘liqni saqlash boshqarmasi rahbariyati va shifokorlar guruhi ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi. Amalga oshirilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlar belgilab olindi. Tegishli tor soha mutaxassislaridan iborat mobil tibbiy brigadalar tashkil etildi. Ular tomonidan Xo‘jayli tumani tibbiyot birlashmasi tizimidagi muassasalarda o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha malakali tibbiy xizmat ko‘rsatildi. Bemorlarga ambulator va statsionar sharoitda davolanishlari uchun zarur tavsiyalar berildi. Har bir bemor bo‘yicha davolash – sog‘lomlashtirish ishlari amalga oshirilishi yuzasidan kelishib olindi.


– Shu kuniyoq qoraqalpog‘istonlik hamkasblar bilan hamkorlikda mahalliy aholini chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish boshlandi, – deydi Buxoro shahar ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasi mudiri Xushnud Jalilov. – O‘ttiz nafar yuqori malakaga ega mutaxassis shifokorlar, maxsus jihozlangan mobil poliklinika va undagi yuqori aniqlikda tashxis qo‘yishga ixtisoslashgan UZI, EKG, mobil mammografiya va boshqa uskunalar vositasida 2 kun davomida 600 nafardan ortiq fuqarolar salomatligi tekshirildi. Aniqlangan kasalliklar bo‘yicha 512 kishiga ambulator va 88 nafar fuqaroga statsionar sharoitda davolanish tavsiya etildi. Ularning 11 nafari jarrohlik amaliyotiga tayyorlanmoqda.



Shundan uchtasi yuqori texnologik operatsiyalar hisoblanadi. Yotoq holatidagi 4 nafar fuqaroning uyiga borib tibbiy ko‘rik o‘tkazildi va davolanishi bo‘yicha zarur tavsiyalar berildi. Shuning barobarida guruh tarkibidagi Buxoro viloyatining Romitan va boshqa tumanlari tibbiyot birlashmalaridan saralangan ilg‘or hamshiralar hududdagi ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika va uning filiallari, oilaviy tibbiyot muassasalarida mahorat darslari hamda o‘zaro tajriba almashinuv tadbirlarini o‘tkazmoqda. Birlamchi tizimda universal-progressiv model bo‘yicha patronaj hamshiralarning ko‘nikmalari ham oshirildi. Jarayonda tibbiyot xodimlari tomonidan aholi orasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, xususan jismoniy faollikni oshirish, muntazam ravishda har kuni ertalab va kechki ovqatdan so‘ng piyoda yurish, zararli odatlardan voz kechish yuzasidan davra suhbatlar o‘tkazildi. Sog‘lom ovqatlanish tamoyillari bo‘yicha ko‘rgazma tashkil qilinib, fuqarolarga mumkin va mumkin bo‘lmagan mahsulotlar bo‘yicha batafsil tushuncha berildi. Chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik joriy yilning 21 may kuniga qadar davom etadi.
Zarif Komilov, O‘zA