Buxorodagi xalqaro forum davom etmoqda
Buxoro shahrida o‘tkazilayotgan “Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda global parlamentlararo hamkorlik” xalqaro forumining ikkinchi kunida forum ishtirokchilari sessiyalar doirasida guruhlarga bo‘linib, mavzuga oid dolzarb masalalarni muhokama qildi.
5-sessiya ishtirokchilari parlament nazorati, BRM bajarilishini monitoring qilish va baholash masalasini ko‘rib chiqdi.
Sessiyani O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi raisi Mavluda Xodjayeva, elchi, Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi rahbari Sharlotta Adrian olib bordi.
Ta’kidlanganidek, O‘zbekistonda BRMni amalga oshirish 2017-2021 yillarda milliy Harakatlar strategiyasi doirasida amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlarga to‘g‘ri keldi.

Milliy BRMni kompleks, tarmoq va mintaqaviy rivojlantirish strategiyalari hamda dasturlariga integratsiyalash bo‘yicha ish olib borilmoqda, islohotlar samaradorligi 23 ta global reyting (indeks), shu jumladan, global BRM reytingi orqali nazorat qilinmoqda.
O‘zbekistonda valyuta va soliq, agrar islohotlar boshlandi, ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, tadbirkorlik va rasmiy bandlikni rag‘batlantirish, shu jumladan, yoshlar va ayollar o‘rtasida rag‘batlantirish, shuningdek, investitsiyalar va innovatsiyalar jalb qilish bo‘yicha choralar ko‘rildi. Tashqi savdoni bosqichma-bosqich erkinlashtirish va JSTga a’zo bo‘lish ustida ish olib borilmoqda. Yoshlar va xotin-qizlar o‘rtasida barqaror bandlikni ta’minlash, shuningdek, ijtimoiy himoya tizimi samaradorligini oshirish masalalari dolzarb masala bo‘lib qolmoqda.

Barqaror rivojlanish maqsadlarini targ‘ib qilishda O‘zbekistonda tashkil etilgan BRMni monitoring qilish bo‘yicha Parlament komissiyasi, shuningdek, fuqarolik jamiyati, yoshlar va yetakchi milliy nodavlat notijorat tashkilotlari faol ishtirok etmoqda.
Sessiya ishida BRM bajarilishi ustidan parlament nazoratini amalga oshirish milliy amaliyoti, samarali bajarilishini monitoring qilish va baholash vositalari, parlament nazorati mexanizmlarini ishlab chiqish, maqsadga erishishda parlamentning o‘zini o‘zi baholash usullari: Indoneziya tajribasi, Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda parlament roli – bu jahon amaliyoti kabi mavzular ko‘rib chiqildi.
Zarif Komilov, Tohir Istatov(surat), O‘zA