Buxorodagi chigirtkalar bosqini bartaraf etildi (+video)
Respublikamiz hududida chigirtkalarning 200 dan ortiq turini uchratish mumkin. O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi tomonidan to‘da hosil qiluvchi ushbu hasharotlarga qarshi mavsumiy kurash tadbirlari olib boriladi.
Buxoro viloyatining Romitan tumani Gazli massiviga chigirtkalar to‘dasi yopirilib keldi. Aslida tarqalgan zararli chigirtkalar o‘simliklar dunyosiga qanchalik xavfli?
- Chigirtka respublikamizning asosan Navoiy, Buxoro va Qoraqalpog‘iston Respublikasining saksovul maydonlarida uchraydigan turi hisoblanadi, - deydi O‘simliklar karantini va himoyasi ilmiy-tadqiqot instituti laboratoriya mudiri Nodirbek Tufliyev. - Bu turdagi chigirtkalarning o‘ziga xos xususiyati shundaki, faqatgina saksovulga zarar keltiradi. Boshqa qishloq xo‘jaligi ekinlari bilan mutlaqo oziqlanmaydi. Ushbu o‘simlikda voyaga yetib tabiiy nobud bo‘lishi kuzatiladi. Bu turdagi chigirtkalar 10 kun, uzog‘i bilan 15 kunda tabiiy ravishda yo‘qoladi.
Mutaxassislarning aytishicha, ushbu turdagi chigirtkalar havo harorati ko‘tarilgani sari o‘rtacha hisobda 5-6 kunda 1 yoshga to‘ladi, ya’ni, eng xavfli hisoblangan fazaga – qanot chiqarish davriga yetib keladi. Natijada hasharotlar kuniga 50-60 kilometrgacha masofani bosib o‘tishi mumkin.
Mamlakatimizning iqlimi chigirtkalar tarqalishi uchun doimo qulay hisoblangan. Shu bois kuzgi va bahorgi kuzatuv tadbirlari davomida chigirtkalarning kelgusi yildagi avlod berish maydonlari va hajmi aniqlanadi. Shunga qarab kimyoviy vositalar, texnikalar hozirlanib, dactlabki kurash tadbirlari may oyida boshlanadi. Joriy yilda nisbatan salqin ob-havo kuzatilganligi bois bu ishlar biroz kech boshlandi. Bugun alohida e’tibor transchegaraviy hududlarga qaratilgan. Sababi qushni davlatlardan ham chigirtka kirib kelishi va tarqalishining oldini olish muhim. Shu o‘rnida biologik kurash choralari ham ommaviylashayotgani e’tiborga molik.
Buxoro viloyatida yuz bergan holatga qaytadigan bo‘lsak – olingan tezkor ma’lumotlarga qaraganda chigirtkalar bartaraf etilgan, saksovulzorlar o‘sishda davom etayapti.
Shu kunlarda Qizilqum va unga yondosh bo‘lgan hududlarda eng xavfli bo‘lgan katta va kichik “saksovul bukur chigirtkasi”ga qarshi kurash choralari qizg‘in davom etmoqda. Voha hududining katta qismida iyun oyidan boshlab chigirtkalarga qarshi kimyoviy ishlovlar olib borilmoqda.
Bir necha kun avval Qozog‘iston Respublikasi hududidan Buxoro viloyatiga misli ko‘rilmagan darajada ko‘p tarqalgan zararli chigirtkalar to‘dasi tufayli Navoiy va Toshkent viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasida ham nazorat ishlari kuchaytirildi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/XEYIPcqzRKE" title="Buxorodagi chigirtkalar bosqini bartaraf etildi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Zararli chigirtkalar tarqalishi xavfi yuqori bo‘lgan Turkmaniston Respublikasi bilan transchegaraviy hududlar Buxoro va Xorazm viloyatlarida kurash ishlari uzluksiz tarzda monitoring qilib borilmoqda. Tahlillar jarayonida Buxoro viloyatining Romitan, Qorako‘l, Olot, Jondor tumanlarida chigirtka to‘dalari tarqalganligi aniqlanib, o‘sha kunning o‘zidayoq kimyoviy ishlov berildi. Bugungi kunga qadar Buxoro viloyatida 12 321 gektar maydonda ushbu hasharotga qarshi kurash tadbirlari o‘tkazilgan. Shuningdek, Xorazm viloyatida ham xavf o‘choqlarining oldini olish maqsadida 3 272 gektar maydonda kimyoviy ishlov berish choralari ko‘rildi.
Sanjar Toshpo‘latov, Ulug‘bek To‘xtayev (video), O‘zA