Buxoroda xalqaro forum o‘z ishini boshladi
Buxoroda Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda parlamentlararo global hamkorlik masalalariga bag‘ishlangan xalqaro forum o‘z ishini boshladi.
Unda Parlamentlararo ittifoq Bosh kotibi Martin Chungong, YeXHT Parlament assambleyasi Prezidenti Piter Lord Bauness, Turkiy tilli davlatlar Parlament assambleyasi Bosh kotibi Altinbek Mamayusupov, xorijiy mamlakatlar parlamentlari, parlamentlararo tashkilotlar rahbarlari va a’zolari, Yoshlar parlamentlari, davlat organlari, xalqaro tashkilotlar, NNT, OAV vakillari, ilmiy-tadqiqot muassasalari ekspertlari an’anaviy va onlayn tarzda ishtirok etmoqda.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyovning tabrigini Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norbayeva o‘qib eshittirdi.
Tabrikda ta’kidlanishicha, O‘zbekiston tashabbusi bilan birinchi marta tashkil etilayotgan mazkur forum global maqsadlarga erishishda parlamentlarning ishtirokini muhokama qilish, parlamentlararo hamkorlik munosabatlarini mustahkamlash uchun samarali muloqot maydoni bo‘ladi.
Forum davlatimiz rahbarining BMT Bosh Assambleyasi 75-sessiyasida Barqaror taraqqiyot maqsadlariga erishish va inson huquqlarini ta’minlashda parlamentlar rolini oshirish to‘g‘risida BMTning maxsus rezolyutsiyasini qabul qilishga oid tashabbusi doirasida o‘tkazilayotgani ta’kidlandi.
Barqaror rivojlantirish maqsadlariga erishish hayotiy ahamiyatga ega bo‘lib, keyingi besh yilda Yangi O‘zbekistonni barpo etishning ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi.
Xususan, 2030 yilgacha bo‘lgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi Milliy maqsad va vazifalar, ularga oid indiktorlarning tasdiqlangan, ularni amalga oshirish bo‘yicha Muvofiqlashtiruvchi kengash tuzilgan hamda tegishli “Yo‘l xaritasi” tasdiqlangan.
Natijada, o‘tgan davr mobaynida deyarli barcha muhim ijtimoiy-iqtisodiy sohalarni keyingi 5-10 yilda rivojlantirish istiqbollarini belgilovchi strategiya va konsepsiyalar qabul qilinib, izchillik bilan amalga oshirilmoqda.
[gallery-2893]
Zarif Komilov, Tohir Istatov (surat), O‘zA