Buxoroda tong o‘zgacha nur taratdi
Bugun Buxoroda tong o‘zgacha nur taratdi. Aholining barcha vakillari o‘zlariga ma’lum qilingan saylov uchastkalari tomon kelajak ravnaqi uchun bel bog‘lagan nomzodlarga ovoz berishga oshiqdi. Bugun mamlakatimiz bo‘ylab davom etayotgan saylov kunida buxoroliklar ham faol ishtirok etishni maqsad qilishgan.
Buxoro viloyat hokimi Botir Zaripov Buxoro shahridagi 49-saylov uchastkasiga birinchilardan kelib ovoz berdi. Saylov ishtirokchilarini hamda saylov uchastkasida faoliyat olib borayotgan barcha mutasaddilarni tarixiy kun bilan qutlab, yurt ravnaqi yo‘lida ularga kuch-quvvat tiladi.
Saylov uchastkasida O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi yangradi. Komissiya a’zolari o‘zlarining vazifalariga kirishdi. Ovoz berish jarayoni aholining faol ishtiroki bilan boshlandi. Uchastkada ro‘yxatga olingan ovoz beruvchilar birin-ketin o‘z huquqlaridan foydalanib ovoz bermoqda.
– 49-saylov uchastkasida “Furqat”, “Ibn Sino” mahalla fuqarolar yig‘inidan 1 ming 928 nafar ovoz beruvchilar ro‘yxatga olingan. Hududimizdagi 106 nafardan ortiq ovoz beruvchilar muddatidan oldin ovoz berdi. Aholimiz faollik bilan o‘zining kelajagi uchun ovoz bermoqda, – deydi uchastka komissiyasi raisi o‘rinbosari Suhrob Imomov.
[gallery-20017]
Zarif Komilov, Tohir Istatov (video, surat), O‘zA muxbirlari.