Buxoroda paxta ekish boshlandi
Buxoro viloyati Qorovulbozor tumani “Cho‘lquvar” massivida “ARK EKO TEKSTILE SLUSTER“ MCHJ tomonidan obod qilinayotgan manzilda innovatsion usulda chigit ekishga bag‘ishlangan viloyat seminari bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda viloyat hamda tuman hokimliklari mas’ul mutasaddilari, mahalliy hokimliklarning qishloq xo‘jaligi bo‘yicha o‘rinbosarlari, huquqni muhofaza qilish idoralari, sektor rahbarlari, agrosanoat kompleksiga tegishli korxona va tashkilotlar rahbarlari, fermer xo‘jaliklari va ularga xizmat ko‘rsatuvchi ta’minotchi sub’ektlar qatnashdi.

Viloyat hokimining qishloq xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Amrillo Nazarov boshqargan seminarda o‘zaro tajriba almashish, ekish agrotexnik tadbirining samarali va innovatsion usullarini o‘zlashtirishga alohida e’tibor qaratildi. Viloyat hokimligi Qishloq xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘i Askar Javodov, Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari viloyat kengashi raisi Askar Nozimov, Qorovulbozor tumani hokimi Akmal Ostonov va boshqalar o‘z o‘rganishlari, fikr-mulohazalarini bildirdi.
Dehqon mirishkorlar uchun seryog‘in kelgan kunlardan so‘ng nihoyat, ekish uchun qulay fursat tug‘ilgani, bundan unumli foydalanib qolish zarurligi uqtirilgani holda fermer xo‘jaliklariga zarur tavsiya va topshiriqlar berildi.

– Qorovulbozor tumanidan boshlangan chigit ekish mavsumida viloyat miqyosida joylarda 160 ta otryad tashkil qilingan, – deydi viloyat Qishloq xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘i Askar Javodov. – Mashina-traktor parklari va fermer xo‘jaliklariga tegishli 300 ta yuqori unumli zamonaviy texnika agregati va shuncha ekkich, yana 600 tadan ortiq traktor va mexanizm jalb qilingan. Aksariyat maydonda gektariga 40 kilogrammdan, mahalliy “Buxoro-6”, “Buxoro-8” va “Buxoro-10“ naviga mansub baraka urug‘ini ekish mavsumini ikki hafta muddatda sifatli yakunlash maqsadida ta’minotchilar va ular tomonidan urug‘lik, mineral o‘g‘it, yoqilg‘i-moylash materiallari va ehtiyot qismni dala boshiga chiqarish kabi tashkiliy chora-tadbirga, qolaversa, ekin yerlari atrofini xas-hashakdan tozalash, o‘rgimchakkana va boshqa zararkunandalarga qarshi kurashish maqsadida oltingugurt zaxirasini yaratishga alohida e’tibor qaratilgan.
Qorovulbozor tumanida joriy mavsumda foydalanishga kiritilayotgan yer hisobidan umumiy 5 ming 618 gektarda chigit ekiladi. Ekish ishlariga 32 ta otryad, yarmidan ortig‘i yuqori unumli traktor bo‘lgan yuzdan oshiq texnika vositasi, 32 ta ekkich kuchidan unumli foydalaniladi. Ayni paytda 154 ta fermer xo‘jaligida agrotexnik tadbirlar boshlangan. O‘tgan 2021 yilda tuman mirishkorlari yalpi “oq oltin” xirmonini 13 ming 500 tonnaga yetkazgan bo‘lsa, joriy mavsum yakunida bu miqdorni 15 ming 780 tonnaga yetkazishni maqsad qilgan.

Qorovulbozor cho‘lida faoliyatini boshlaganiga ko‘p bo‘lmagan “ARK EKO TEKSTILE SLUSTER” MCHJ ning ham yuqoridagi hosil salmog‘ida bevosita hissasi bor. Negaki, birgina paxtachilik yo‘nalishida “Cho‘lquvar” va “Jarqoq” massivlarida ish yuritayotgan 63 ta fermer xo‘jaligi va ulardagi jami 3 ming gektar paxta maydonini tasarrufiga olgan agroklasterda o‘tgan yili “Buxoro-6” hamda “Buxoro-10” navlaridan 7 ming 600 tonnadan oshirib barakali hosil yetishtirildi. Foydalanishdan chiqarilgan yerlarni o‘zlashtirish borasida viloyatda “Bukhara Agroklaster” MCHJ yaqqol peshqadamlik qilmoqda. Ayni kunda 3 ming gektar yerni ochish va ekishga tayyorlash ishlari olib borilmoqda. Bu jarayonda “ARK EKO TEKSTILE SLUSTER“ MCHJ jamoasi ham Qorovulbozor kengliklarida 1 ming 500 gektar yerning uchdan bir qismini ochib, ekishga tayyorlamoqda.
– Shu kecha-kunduzda “Cho‘lquvar” hamda “Jarqoq” massivlarida foydalanishga kiritilayotgan 700 gektardan ortiq maydonda belgilangan agrotexnik tadbirlar, tuproq ishlari bajarilib, shundan 500 gektarida o‘tgan haftalarda yoqqan yomg‘irdan so‘ng, tuproq namiga chigit ekish agrotexnik tadbiri yuqori unumli texnikalar yordamida boshlab yuborildi, – deydi Qorovulbozor tumani hokimi Qishloq xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Mirg‘olib Avezov. – Bungacha esa hududda irrigatsiya va melioratsiya holatini yaxshilash maqsadida o‘nga yaqin zamonaviy texnika vositasida 3 kilometr masofaga ariq qazib, suv yo‘li ochilib, sug‘orish tarmog‘i bilan birga, uzunligi 10 kilometr elektr tarmog‘i tortilgan. Gidroinshootga 5 ta joyda nasos agregatlari o‘rnatilmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA