Buxoroda oromgohlar mavsumga tayyormi?
Buxoro viloyatida joriy yil yoz mavsumida 17 ming 825 nafar o‘quvchilar oromgohlarda sog‘lomlashtirilishi rejalashtirilgan. Bu borada bolalarni dam oldirish va sog‘lomlashtirish ishlariga puxta tayyorgarlik ko‘rildi.
Buxoro neftni qayta ishlash zavodiga qarashli “Neftchi” oromgohi joriy yilning 4 iyunidan ish boshladi. Mavsum 14 avgustgacha davom etadi.
– Mavsum davomida viloyatdagi 145 ta statsionar – shaharorti va kunduzgi oromgohlarda 17 ming 825 nafar o‘g‘il-qiz sog‘lomlashtiriladi, – dedi kasaba uyushmalari federatsiyasi viloyat kengashi madaniy-ma’rifiy va sport ishlari bo‘limi mudiri Adolat Akramova. – Shundan, 11 ta statsionar oromgohda 6 ming 650 nafar, 134 ta kunduzgi oromgohda 11 ming 175 nafar bolalar dam oladi.
– Oromgohimiz 5,8 gektar so‘lim joyda joylashgan, – deydi oromgoh rahbari Jonibek Ziyayev. –Besh mavsumda 1 ming 110 nafar bola sog‘lomlashtiriladi. Har bir mavsum 12 kundan davom etadi. Bir kunda 5 mahal ovqat bilan ta’minlanadi. Oromgohda ta’mirlash-tiklash ishlari yakunlandi. Ayni paytda bolajonlarimizni qabul qilishga tayyor. Oromgohda 3 ta sun’iy qoplamali futbol, 1 ta stol tennis, 1 ta voleybol, 1 ta basketbol, 1 ta katta tennis maydonchalari, 6 ta yotoqxona, 2 ta basseyn, 10 ta zamonaviy kompyuter, PlayStation, 4 mingga yaqin kitoblar jamlangan kutubxona bolajonlar ixtiyoriga topshiriladi. Tibbiyot xonasi barcha jihozlar va dori-darmonlar bilan ta’minlangan. 256 o‘rinli oshxona yangi jihozlar bilan jihozlangan.
[gallery-7445]
Bolalar uchun madaniy tadbirlar rejalashtirilgan bo‘lib, hamkor tashkilotlar bilan dasturlar tuzilgan. Oromgohda, mohir qo‘llar, kompyuter savodxonligi, raketa model, chet tillari, rassomchilik to‘garaklari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Eng asosiysi, bolajonlar xavfsizligini ta’minlash maqsadida barcha sharoit yaratilgan.
“Buxoro Agroklaster” MCHJga qarashli Buxoro tumanidagi “Yosh paxtakor”, Vobkent tumanidagi “Porloq kelajak” oromgohlari mavsumni boshlashdi.
– Oromgohimizning yer maydoni 10 gektarni tashkil etadi, –deydi oromgoh rahbari To‘qson Ne’matov. – Oromgohimizning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, o‘g‘il-qizlarimizni mazmunli dam oldirishni ta’minlash, oromgohda tashkil etilgan kutubxona fondini boyitish bo‘yicha belgilangan chora-tadbirimizni amalga oshirdik. Besh mavsumda 750 nafar bolalar sog‘lomlashtiriladi. Basseyn, voleybol, futbol, tennis, shaxmat-shashka, turli xil ommaviy tadbirlar o‘tkazish bo‘yicha sharoitlar yaratilgan. Mavsum boshlandi.
Bolalar uchun turli xildagi mevalar oromgohdagi yaratilgan bog‘dan olib kelinadi. Natijada meva hamda ulardan tayyorlanadigan sharbatlar o‘g‘il-qizlarga beriladi.
– Uch yildan buyon mana shu oromgohda dam olaman, – deydi G‘ijduvon tumanidagi 61-Ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabining 5-sinf bitiruvchisi Sayyora Asrorova. – Dadam G‘ijduvon paxta tozalash zavodida bog‘bon bo‘lib ishlaydi. Men uchun doimo oromgohga yo‘llanma olib keladi. Tengdoshlarimga ham oromgohda dam olishni tavsiya etaman. Juda ham so‘lim maskanda joylashgan. Barcha sharoitlar yaratilgan.
– Asosan, klasterga qarashli korxona va tashkilotlar xodimlarning mahallalardagi kam ta’minlangan oila farzandlari, “Oilaviy uylar” tarbiyalanuvchilari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xo‘jayli tumanidagi kam ta’minlangan oilalarning farzandlari sog‘lomlashtiriladi, –deydi “Buxoro Agroklaster” MCHJning birlashgan tarmoq kasaba uyushmasi raisi Baxtiyor Navro‘zov. – Tizimda 4 ming 500 nafar ishchi-xodim mehnat qiladi. Ularning bolalarini sog‘lomlashtirish muhim vazifalarimizdan biri hisoblanadi.
“Porloq kelajak” oromgohi bu yilgi mavsumda 1000 nafar bolajonni bag‘riga oladi. Ayni paytda oromgohda 200 nafar o‘g‘il-qiz dam olmoqda.
Zarif Komilov,
Tohirjon Istatov (surat), O‘zA