Buxoroda aholiga parranda tarqatilmoqda
Buxoro viloyatida Respublika davlat veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasining yordami bilan aholi xonadonlarida chorva mollari va parrandalarni ko‘paytirish choralari ko‘rilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 16 dekabrdagi “Tomorqadan foydalanish samaradorligini oshirish, shuningdek, aholining tadbirkorlik tashabbuslarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan 100 boshdan parranda, 5-10 bosh kurka, 20 bosh quyon, 5-6 bosh qo‘y va echki, 5 ta asalari uyasi, intensiv usulda baliq boqishni yo‘lga qo‘yishni tashkil etish bo‘yicha aniq reja bor.

– Topshiriqqa asosan, viloyat tumanlarida aholi talabidan kelib chiqib, 20,5 ming bosh qo‘y va echki, 842 ming bosh parranda, 10 ming bosh kurka, 29 ming bosh quyon va 19,3 ming komplekt asalari oilalari yetkazib berilmoqda, – deydi Buxoro viloyati “Chorva nasl” markazi rahbari Nosir Rahmatov. – Bu o‘z o‘rnida xalqimizning ishsiz aholi qatlami bandligini ta’minlashda, oilaviy daromadi oshishiga, ichki iste’mol bozorlarida chorva mahsulotlarining hajmini ko‘paytirishda muhim.
Ayniqsa, tuxum yo‘nalishidagi parrandalarning xonadonlarga 100 boshdan (3 oylik ozuqasi bilan) tarqatilayotganligi shu kecha-kunduzda o‘z samaradorligini ko‘rsatmoqda. O‘rtacha 85-87 donadan kuniga tuxum olinayotganligi qarorning xalqchilligidan dalolat bermoqda.

Bundan tashqari, hozirgi kunda 6 ta yirik parrandachilik xo‘jaligida aholi xonadonlariga tarqatish uchun 309 ming bosh tuxum yo‘nalishidagi 90 kunlik parrandalar boqildi va reja-grafik asosida aholiga tarqatildi.
O‘tgan davr mobaynida 2 ming 480 bosh nasldor qoramol, 4 ming 70 bosh qo‘y va echki, 309 ming bosh parranda, 33 ming bosh kurka, 1,5 ming bosh quyon va mingta asalari oilalari “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” ga kirgan fuqarolarga yetkazib berilgan.
– Peshku tumanida mingta qora tovuq tarqatdik, – deydi “Toza parranda mahsulotlari” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Qahramon Yusupov. – Bugun Romitan tumanidagi tegishli daftarlarga kiritilgan oilalarga 1 ming 500 ta tovuq tarqatishni rejalashtirdik. Korxonamizda 45 mingta inkubatoriyada qora tovuq boqilyapti. Viloyat hokimining topshirig‘iga asosan 50 ming dona tovuq tarqatishni rejalashtirganmiz. Sotilayotgan tovuqlar 100 kunlik bo‘lgan. 1 ta tovuq 62 ming so‘mdan sotilmoqda. 150-160 kunda tuxumga kiradi. Maqsadim aholini, ayniqsa, maktabgacha ta’lim tashkilotlarda unib-o‘sib kelayotgan bolajonlarni ekologik toza, mahalliy tuxum bilan oziqlantirish. Korxonamizda kurka, mahalliy kurka, bedana boqilyapti. 20 kishi ish bilan ta’minlangan.

– Hududimizda 3 ta oila “Temir daftari”ga, 1 nafari esa “Ayollar daftari”ga kiritilgan, – deydi Romitan tumani “Attaron” mahalla fuqarolar yig‘ini hokim yordamchisi Suhrob Husenov. – Ularga zotdor qora tovuqlar bepul berildi. Endilikda ular tovuq boqish orqali oilasining daromadini ko‘tarishi va bandligi ta’minlanishi mumkin.
Romitan tumanining “Tarnaut” mahalla fuqarolar yig‘ini hokim yordamchisi Nasim Ochilovning ta’kidlashicha, hududdagi 4 ta “Ayollar daftari”dagi xotin-qizlarga 50 tadan tovuq berilgan.
Viloyatda chorvachilik xo‘jaliklarida ozuqabop ekinlarning serhosil navlarini ko‘paytirish, yil davomida 2-3 marta hosil olish va hosildorlikni 1,2 barobarga oshirilishi ta’minlandi. Bundan tashqari g‘alladan bo‘shagan maydonlarda takroriy ekin sifatida 17 ming gektarga makkajo‘xorining tez pishar navlari, 10 ming gektar maydonda tariq va 11 ming gektar maydonda kungaboqar ekinlari ekish rejalashtirilgan.

Chorvachilik xo‘jaliklari ozuqa bazasini mustahkamlash maqsadida viloyatdagi parrandachilik xo‘jaliklari bilan g‘allachilik fermer xo‘jaliklari o‘rtasida o‘zaro kelishuv asosida shartnomalar tuzib, g‘alladan bo‘shagan maydonlarda don ekinlarni ekish belgilangan.
Zarif Komilov, O‘zA