Buxoro xalqaro tadbir mezboni
Buxoroda Markaziy Osiyo va O‘zbekiston Respublikasi kuch tuzilmalarining mutaxassislari ishtirokida “Pekiti Tirsia Kali” jang san’ati bo‘yicha xalqaro seminar-trening bo‘lib o‘tdi.
Ushbu seminar-trening mashg‘ulotlarini tashkillashtirishdan maqsad huquqni muhofaza qilish idoralari xodimlarining jismoniy va ruhiy tayyorgarligini oshirish, zamonaviy xavf-xatar va tahdidlarga javob beradigan praktik ko‘nikmalarni shakllantirishdir.

Joriy yilning 10 iyun kuniga qadar davom etadigan seminar-trening mashg‘ulotlari, o‘zaro kuch sinashish bahslarida mamlakatimiz bilan birga qo‘shni Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iz Respublikalari milliy gvardiya harbiy xizmatchilari, kuch tuzilmalari ishtirok etadi.

Xalqaro harbiylashtirilgan sport turnirining tantanali ochilish marosimida ishtirokchi davlatlar jamoalari va ularning murabbiy hamda qo‘mondonlari, shuningdek, “Pekiti-Tirsia-Kali” sport turi jahon federatsiyasi raisi Rommel Tortal, Buxoro viloyat hokimi Botir Zaripov, O‘zbekiston Respublikasi IIV Milliy gvardiya boshqarmasi boshlig‘i Baxtiyor Fozilov ishtirok etdi barcha sportchilarga muvaffaqiyat tiladi.

Ta’kidlaganidek, “Pekiti-Tirsia-Kali” yakkakurashi bu nafaqat sport turi, balki zamonaviy harbiy-amaliy tayyorgarlikda ham o‘z o‘rniga ega kuchli jangovar san’atdir. Bu jang san’ati o‘z tarkibiga qurolli va qurolsiz himoyalanish texnikasi, strategik fikrlash, muvozanatning hujum-himoya uslublarini jamlagan bo‘lib, huquqni muhofaza qilish organlari, kuch tuzilmalari shaxsiy tarkibi jismoniy shayligini oshirishda juda qo‘l keladi.

Xalqaro sport tadbiri harbiy orkestr tomonidan davlat madhiyasi ijrosi bilan boshlandi.
Shundan so‘ng yig‘ilganlar “Faxriy qorovul”, ko‘rgazmali qo‘l jangi mahorat ustalari chiqishlaridan zavq oldi. “Pekiti-Tirsia-Kali” sport turi jahon federatsiyasi raisi Rommel Tortal esa huquqni muhofaza qilish organlari xodimlariga “mahorat darsi” o‘tdi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.