Buxoro viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Insonparvarlik, mehr-oqibat va saxovat qadriyatlarini mustahkamlash maqsadida Buxoro viloyat bojxona boshqarmasi tomonidan yana bir tashabbus amalga oshirildi. Bu galgi xayrli ishlar onkogematologik kasalliklar bilan kurashayotgan kichkintoylarga dalda berish, ularning qalbida quvonch va umid uchqunini yanada uyg‘otishga qaratildi.
Boshqarma xodimlari Buxoro viloyat bolalar shifoxonasining onkologiya bo‘limida bo‘lib, bu yerda davolanayotgan bolajonlar bilan bevosita suhbatlashdi. Samimiy muloqotlar davomida ularning ko‘ngli ko‘tarilib, mehrga to‘la iliq so‘zlar bilan ruhlantirildi. Shuningdek, kichkintoylarga turli o‘yinchoqlar, kitoblar va esdalik sovg‘alar taqdim etildi.

Mazkur tashabbus nafaqat bolajonlar qalbiga quvonch bag‘ishladi, balki ularning ota-onalariga ham katta ruhiy dalda bo‘ldi.
***
Buxoroda Respublika oshpazlar uyushmasi, viloyat hokimligi va turizm boshqarmasi hamkorligida soha mutaxassislarini jalb qilgan holda umumiy ovqatlanish shoxobchalari mutaxassislari malakasini oshirish hamda ko‘rsatiladigan xizmatlar sifatini yaxshilash maqsadida seminar tashkil etildi.
Seminarda viloyatdagi xorijiy va mahalliy sayyohlarga xizmat ko‘rsatuvchi umumiy ovqatlanish shoxobchalari menejerlari va mutaxassislari, O‘zbekiston Oshpazlar uyushmasi viloyat vakilligi rahbari va a’zolari hamda Buxoro viloyat turizm va madaniy meros texnikumining umumiy ovqatlanish xizmatlarini tashkil etish yo‘nalishi bitiruvchi kurs talabalari ishtirok etdi.

Sayyohlarga xizmat ko‘rsatish va servis darajasini yanada yaxshilash, shuningdek, yurtimiz gastronomiyasini keng targ‘ib qilish bo‘yicha mahorat darslari bo‘lib o‘tdi.
Seminar yakunida faol ishtirok etgan qatnashchilarga tegishli sertifikatlar topshirildi.
***
“O‘zenergoinspeksiya” Buxoro viloyati hududiy boshqarmasi va gaz ta’minoti korxonasi hamkorligida nazorat tadbiri o‘tkazildi.
Natijada Buxoro shahrida “T.F.T.” MCHJga qarashli oshxonaning gaz hisoblagichiga tashqi ta’sir ko‘rsatilib, tabiiy gazdan noqonuniy foydalanilganligi aniqlandi.

Ushbu qoidabuzarlik natijasida dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, gaz ta’minoti korxonasiga 540 million so‘mlik zarar yetkazilganligi ma’lum bo‘ldi.
Hozirda huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.
Zarif Komilov,
O‘zA muxbiri