Buxoro viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
-
Yangi gaz to‘ldirish shoxobchasi ish boshladi
“Hududgaz Buxoro” gaz ta’minoti filiali tomonidan suyultirilgan gaz iste’molchilariga sifatli xizmat ko‘rsatish hamda gaz ballonlarini o‘z vaqtida yetkazib berish maqsadida tizimli ishlar davom etmoqda.
– Viloyatda 267 ta mahalla suyultirilgan gaz ta’minotiga moslashtirilgan, – deydi “Hududgaz Buxoro” gaz ta’minoti filiali bo‘lim boshlig‘i Aziz Rasulov. – 167 mingdan ortiq iste’molchiga gaz ta’minoti filiali tomonidan xizmat ko‘rsatilmoqda. Ta’kidlash lozim, iste’molchilariga qulaylik yaratish maqsadida Shofirkon tumanida tadbirkor bilan hamkorlikda yangi gaz to‘ldirish shoxobchasi tashkil etildi.

Shofirkon tumani viloyat markazidan qariyb 35-40 km uzoqlikda joylashgan bo‘lib, hududdagi 19635 ta aholi va 49 ta ijtimoiy soha ob’ektlariga gaz ballonlari “Shofirkontumangaz” gaz ta’minoti bo‘limi tomonidan tarqatilmoqda. Yangi tashkil etilgan gaz to‘ldirish shoxobchasi esa endi imkoniyatlar ko‘lamini yanada kengaytirishi tabiiy.

Muammolar bartaraf etildi
Buxoro viloyati bojxona boshqarmasi mas’ullarining navbatdagi sayyor o‘rganishlari jinsi matosidan kiyim-kechak ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “BCT Denim Division” klasterida bo‘lib o‘tdi.

Hozirgi kunda ushbu klasterda mingga yaqin fuqaro doimiy ish bilan ta’minlangan. Tayyorlangan mahsulotlar Rossiya, Turkiya, Germaniya, Italiya, Norvegiya, Tunis, Misr kabi o‘nga yaqin davlatlarga eksport qilinadi. Masalan, o‘tgan 2024 yilda korxonaning eksport ko‘rsatkichlari 9 million AQSH dollarini tashkil etdi.

Sayyor o‘rganish davomida ikki tomon vakillari klasterning ish jarayoni va tayyor mahsulotlar shourumlari ko‘zdan kechirilishi barobarida, bojxona yuk operatsiyalarini amalga oshirishda yuzaga keladigan turli muammolarni bartaraf etish yuzasidan fikr almashdi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri