Buxoro viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Ijodkorlar ko‘hna va boqiy Buxoroda
Buyuk Britaniyaning “Lonely Planet” nomli turistik nashriyoti jurnalist va blogerlaridan iborat delegatsiya a’zolari Buxoro bo‘ylab tasvirga olish ishlarini amalga oshirdi.
Undan ko‘zlangan asosiy maqsad – ko‘hna va boqiy Buxoroning turizm salohiyatini targ‘ib qilish orqali noyob madaniy va tarixiy qadamjolarni dunyoga tanishtirishdan iborat.
Ijodiy guruh vakillari shaharning sayyohlik salohiyati to‘g‘risidagi yo‘riqnoma kitobining yangi nashrini tayyorlash maqsadida “Ark” qo‘rg‘oni, “Labi Xovuz” ansambli, “Poyi Kalon” majmuasi, Ismoil Somoniy maqbarasi hamda Chashmai Ayub kabi qator tarixiy markazlarda bo‘ldi.
Ma’lumot uchun, “Lonely Planet” – sayohat bo‘yicha qo‘llanma va kitoblar nashriyoti bo‘lib, 1973 yilda Avstraliyada tashkil etilgan kompaniya 150 milliondan ortiq kitoblarni chop etgan.


Puxta tayyorgarlik ko‘rilmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda mahalliy kengashlar deputatligiga bo‘lib o‘tadigan saylovga ham oz muddat qoldi.
– Barcha jarayonlar qonunchiligimizda belgilangan tartib-qoidalar va talablar asosida tashkil etilmoqda, – deydi Buxoro shahridagi 35-saylov uchastka komissiyasi raisi Hamza Rajabov. – Ovoz berish binolarida yashirin ovoz berish uchun yetarli miqdorda xonalar jihozlanishi, saylov byulletenlarini berish uchun joylar ajratilishi hamda saylov qutilari o‘rnatilishi masalasi ham amaldagi qonunchilik asosida tashkil qilindi. Muhim siyosiy tadbir arafasida turibmiz. Ayni paytda mas’uliyatni yanada his qilib, yurtimiz va xalqimiz kelajagi uchun ovoz berishda barcha jarayonlarni shaffof o‘tishini chin dildan istaymiz, albatta. Vatanimiz ertasiga befarq bo‘lmagan yurtdoshlarimizni saylovda faol ishtirok etishga chorlayman.


Murojaatlar ijobiy hal etilmoqda
Bosh prokurorning birinchi o‘rinbosari B.Valiyev rahbarligidagi ishchi guruh tomonidan Buxoro viloyatidagi kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik holatini o‘rganish ishlari davom etmoqda.
Xususan, ishchi guruh tomonidan viloyatdagi huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda mutasaddi korxonalar rahbarlari hamkorligida aholi bilan bevosita va ochiq muloqot qilish, aholi kayfiyatiga salbiy ta’sir etadigan tizimli muammolarni aniqlash hamda ularni joyida bartaraf etish maqsadida G‘ijduvon, Shofirkon va Vobkent tumanlari aholisi uchun G‘ijduvon tumanida sayyor qabul o‘tkazildi.
Sayyor qabulda jami 66 nafar jismoniy va yuridik shaxslar vakillari murojaatlari bilan ishtirok etdi. Qabul qilingan murojaatlarning 10 tasi gaz, elektr energiyasi va ichimlik suvi, 35 tasi sog‘likni saqlash, uy-joy, yer va moddiy yordam kabi ijtimoiy yo‘nalishda, 13 tasi sud-tergov hamda 8 tasi boshqa masalalarni tashkil qildi.


Qayd etilgan murojaatlarning 35 tasi joyida ijobiy hal qilinib, 10 tasi bo‘yicha huquqiy tushuntirishlar berildi.
Bundan tashqari, shu joyning o‘zida, ishsizlarni ayniqsa, ijtimoiy reyestrda turgan fuqarolarning bandligini ta’minlash maqsadida mehnat yarmarkasi tashkil qilindi. Shuningdek, tadbir davomida aholi orasida elektr energiyasini va tabiiy gazni iqtisod qilish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etish bo‘yicha amaliy ko‘rgazma namoyish etildi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.