Buxoro viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasida o‘tkazilayotgan ikkinchi mintaqalararo hamkorlik forumi doirasida Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov boshchiligidagi delegatsiya Moskva shahrida bo‘lib turibdi. Forum doirasida Rossiya biznes vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi.
Buxoro delegatsiyasi Milliy ulgurji tarqatish markazlari asotsiatsiyasi (NAORS)ga tashrif buyurdi. Mazkur assosatsiya tarkibida turli xil yo‘nalishdagi ishlab chiqarish korxonalari mavjud. 180 nafar a’zosi bor. Ularning 15 nafari xorijiy a’zolardir.
Uchrashuv davomida assotsatsiya ijrochi direktori V.Lishuk bilan muzokaralar olib borildi.

Muzokaralar chog‘ida Retort paketlarida tayyor ovqatlar (mazkur ovqatlar 2 yil muddatda saqlanish imkoniyatiga ega), yangi texnologiya asosida biogumus moddali o‘g‘itlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini saqlash va eksportga yo‘naltirish bo‘yicha ulgurji markazlar tashkil etish bo‘yicha muhim kelishuvlarga erishildi.
O‘zbekiston bag‘rikeng diyor
Prezidentimiz tashabbusi bilan 16 noyabr-Xalqaro bag‘rikenglik kuni munosabati bilan Buxoro viloyatining ko‘p millatli Vobkent tumanida ham tadbirlar ko‘tarinki ruhda o‘tkazilmoqda.
Davlat rahbari tashabbusi bilan Shirin qishlog‘ida etno, eko-agro va madaniy turizm yo‘nalishini aks ettiruvchi “Turizm qishlog‘i” tashkil etilgan.

– Qishloq Ipak yuli ustida joylashgan bo‘lib, 2500 yil tarixga ega, –deydi Vobkent tumani Turizm va sport bo‘limi turizm mutaxassisi Rayxon Xoliqova. – Qishloqda qadimiy hunarmandchilik turlaridan 15 tasi saqlanib qolgan. 20 ta mehmon uylari tayyorlanishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, ayni kunga qadar 10 ta mehmon uylari faoliyat yuritayapti. Shuni alohida ta’kidlash kerakki, Vobkentning Shirin qishlog‘i turizm marshuti uchun eng qulay joy hisoblanadi. Joriy yilda tumanda turizm marshutlari yana 3 taga ko‘payadi.
Etno turizm –bu qishloq turizmi deyiladi. Sayyohlar qishloq hayoti, qishloq odamlarining faoliyati bilan tanishadi. Shuningdek, ularning yashashi, mehnat faoliyati, uy yumushlarini ko‘zlari bilan ko‘rib, o‘zlari ham bajarish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Masalan tandir non, somsa yopishadi. O‘choqda ovqat pishiradi, sigir sog‘adi, tomorqada ekin ekadi. Tabiat qo‘ynida dam olib, qishloq hayoti bilan tanishadi.
Haftalik doirasida tumandagi "Shirin" qishlog‘ida "Millatlararo totuvlik-tinchlik garovi", "Do‘stlik jamiyatlari", "Do‘stlikni tarannum etgan yurt" kabi loyihalar doirasida ma’naviy ma’rifiy tadbirlar o‘tkazildi.

“Bag‘rikenglik haftaligi” doirasida Shirin qishlog‘ida ham Xalqaro bag‘rikenglik kuni keng nishonlandi. Qishloqqa tashrif buyurgan sayyohlar haftalikda faol ishtirok etdi.
– O‘tin yoqib non yopish men uchun juda qiziq, – deydi fransiyalik sayyoh Katya Tvin. – Shirin qishlog‘ida tashkil etilgan Etno turizm qishlog‘ida kelib qishloq ayolining har kunlik mehnatini ko‘rdim. Unga qo‘shilib o‘zim ham non yopdim, sigir sog‘dim. Bundan juda ham xursand bo‘ldim, mazza qilib yopgan somsalarimdan yedim. Juda ham mazali tandir somsa kayfiyatimni ko‘tarib yubordi.
Lekin tandirda yonayotgan olovni ko‘rib dastlab cho‘chidim. Lekin o‘rgansa bo‘ladi. Buning uchun juda kuchli bo‘lish kerak ekan. O‘zbek ayoli kuchli ekanligini shundan ham bilsa bo‘ladi. Haftalik doirasida ko‘plab tadbirlarda ham qatnashib kelayapman. O‘zbekiston bag‘rikeng diyor ekanligiga guvoh bo‘ldim.

Tadbirda ko‘rgazmali chiqishlar, milliy o‘yinlar, qo‘l hunarlari ishtirokchilar va chet el fuqarolarini e’tiborini o‘ziga jalb etmoqda.
Pora bergan shaxs qo‘lga olindi
G‘ijduvon tumanida ichki ishlar organi xodimiga pora bergan shaxs qo‘lga olindi.
O‘zbekiston Respublikasi IIV Shaxsiy xavfsizlik bosh boshqarmasi Buxoro viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda Departamentning G‘ijduvon tumani bo‘limi tomonidan tezkor tadbir o‘tkazildi.

Tadbir davomida G‘ijduvon tumani Oqrabot mahallasida yashovchi, 1987 yilda tug‘ilgan fuqaro I.E. unga nisbatan Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Yashnobod tumani sudi tomonidan tayinlangan “Majburiy jamoat ishlari jazosi”ni boshqa jazo turiga o‘zgartirish yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi JK.ning 451-moddasi tartibida to‘plangan hujjatlarni sudga yubormaslik va uning o‘rniga majburiy jamoat ishlarida boshqa odam ishlashiga sharoit yaratib berish evaziga tuman IIB Probatsiya guruhi mas’ul xodimiga 100 AQSH dollari miqdorida pora taklif qilganligi aniqlanadi. Natijada xodimning xizmat xonasida unga 900 ming so‘m pullarni bergan vaqtda ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olinadi.
Mazkur holat yuzasidan fuqaro I.E.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JK.ning 211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA