Buxoro viloyati qish mavsumiga tayyormi?
Buxoro shahrida qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari jadal ketmoqda. Kommunal tarmoqlar qayta ko‘rib chiqilib, issiqlik korxonalari modernizatsiya qilinmoqda.
“Buxoroenergomarkaz” aksiyadorlik jamiyati bugungi kunda 202 ta ko‘p kvartirali uy-joy yoki 11 ming 372 ta xonadonda istiqomat qiluvchi salkam 30 ming nafar aholi, shuningdek, 32 ta ijtimoiy soha ob’ektiga issiqlik energiyasi va issiq suv yetkazib beradi. Xo‘sh, hissadorlik jamiyatida 2023-2024 yillar kuz-qish mavsumiga qay darajada hozirlik ko‘rilmoqda?
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 12 apreldagi tegishli qarori asosida korxonada rekonstruksiya va ta’mirlash ishlarini amalga oshirish yuzasidan Latviyaning “Eco Air” va Qozog‘istonning “Kazenergonaladka” korxonalari tomonidan tuzilgan konsorsium bilan shartnomalar imzolangan. Hozir 274 komplekt ITP uskunasi buyurtmachi omborxonasiga yetkazilgan bo‘lib, qurilish-montaj ishlari boshlangan, uskunalarni o‘rnatish imkoni bo‘lgan ijtimoiy soha ob’ektlari va ko‘p qavatli uylarning yerto‘lalarida ta’mirlash ishlari amalga oshirilib, ITP lar o‘rnatilmoqda.
[gallery-14750]
Loyihaning ikkinchi bosqichida 5,55 km magistral issiqlik tarmoqlari zamonaviy penopoliuretan qoplamali quvurlarga almashtirilishi ko‘zda tutilgan. Tender savdolari yakuniga ko‘ra, Xitoy Xalq Respublikasining “IPPR” kompaniyasi bilan shartnoma imzolangan. Bugungi kunga qadar turli diametrdagi 11 km. penopoliuretan qoplamali quvurlar, kompensator va boshqa turdagi jihozlar buyurtmachi ob’ektiga yetkazib berilgan va qariyb 5 km. masofadagi tarmoqlarda qurilish-montaj ishlari amalga oshirilmoqda. Shundan 2,5 km. uzunlikdagi yangidan o‘rnatilgan tarmoqlar bosim ostida sinovdan o‘tkazilgan, 1,4 km uzunlikdagi tarmoqda quvurlarni montaj qilish ishlari bajarilmoqda. Uchinchi bosqichda esa qozonxonada modernizatsiya ishlarini amalga oshirish ko‘zda tutilgan bo‘lib, jumladan, 5 ta har biri 20 MVt, umumiy quvvati 100 MVtli zamonaviy yangi suv isitish qozoni o‘rnatiladi, nasos xo‘jaligi va suvni yumshatish texnologiyalari takomillashtiriladi. Tender savdolari yakuniga ko‘ra, O‘zbekistonning “Spets Polimer Montaj Sanatsiya” va Rossiyaning “VAPOR” komaniyalaridan tuzilgan konsorsium bilan shartnoma imzolangan. Hozir pudratchi tomonidan 2 ta har biri 200 m kub sig‘imli baklar, tarmoq nasoslari, Rossiyada ishlab chiqarilgan 2 ta “Lavart 19 SW 160/13-60” rusumli qozon, qozon ekonomayzerlari va suvni yumshatuvchi filtrlar yetkazib berilgan bo‘lib, 6 ta tarmoq nasosi o‘rnatilgan.
“Issiqlik manbai” davlat unitar korxonasining RK-3 qozonxonasi 155 ta ko‘p qavatli uydagi 12 mingta xonadon hamda 27 ta ijtimoiy ob’ektni issiq suv va issiqlik bilan ta’minlaydi.
100 Gkal quvvatga ega inshootda 120 MVtli ikkita qozon o‘rnatilgan.
Qishga tayyorgarlik jarayonida hududga 2 km qoplamali quvur tortilgan. 2 ta qozon mukammal ta’mirlangan.
Qishga tayyorgarlik ishlarini sifatli bajarish, energiya va issiqlik ta’minotini barqaror qilish, energiya tejamkorlik madaniyati oshmoqda.
“Buxoro hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” aksionerlik jamiyati tomonidan viloyat aholisi va tadbirkorlik sub’ektlarini barqaror elektr energiyasi bilan ta’minlash maqsadida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.
– Aholi soni o‘sishiga proporsional tarzda iste’mol hajmi oshib borayotgan faoliyatga doir statistik ma’lumotlarga nazar solsak, ayni kunda viloyat shahar va tumanlari miqyosida 18 ming 167 kilometr masofada tortilgan 0,4-110 kilovatt soatga teng kuchlanishdagi elektr uzatish tarmog‘i, 95 dona podstansiya hamda 6 ming 154 dona transformator punkti orqali 460 mingga yaqin aholi va ijtimoiy soha iste’molchilariga elektr energiyasi yetkazib berilmoqda, –deydi “Buxoro hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” AJ texnik direktori Zohir Rustamov. – Bevosita shu yilning o‘tgan davrida ta’minot korxonamizda amalga oshirilgan ishlarga to‘xtalsak, umumiy uzunligi 2 ming 836 kilometr uzunlikdagi elektr uzatish tarmog‘i joriy ta’mirlashdan chiqarilgan bo‘lib, shu barobarida 820 dona transformator punkti, 5 dona 35-110 kilovatt soat kuchlanishdagi elektr transformatori mukammal ta’mirlangan. Mahalla va chekka qishloqlarda eskirib yaroqsiz holga kelgan umumiy uzunligi 6 ming 103 kilometrga teng elektr uzatish liniyasi va shu hududdagi 1 ming 937 dona transformator punktida joriy ta’mirlash ishlari amalga oshirilgan. Bundan tashqari, iste’molchi soni oshgani bois yuklama bilan ishlayotgan 14 ta podstansiyadagi elektr transformatori yuqori quvvatlisiga almashtirilgan.
Korxona jamoasi tizimda qayd qilinishi mumkin bo‘lgan avariya holatlarini bartaraf etish maqsadida 100 dona turli quvvatdagi transformator, shuningdek, transformator moyi, temir-beton tayanch ustuni, sim, uzunlikdagi kabel elektr uzatish tarmog‘i, kabel muftalari, turli xil quvvatdagi avtomatlar va himoya vositalari zaxirasini yaratgan.
Shu bilan cheklanib qolinmasdan, kunlik quvvati 63 taga teng temir-beton tayanch ustuni ishlab chiqarish hamda kuniga o‘rtacha 2 ta transformatorni ta’mirlash sexlari ishga tushirilgan. Tarmoqda kuzatiladigan uzilish va boshqa muammolarni joyida hal qilish maqsadida ayni kunda viloyatning har bir shahar va tuman elektr tarmoqlari idorasida jami 13 ta tezkor brigada tashkil qilinib, ularga 65 nafar malakali ishchi-mutaxassis jalb qilinmoqda. Xuddi shunday, joylarda o‘ttizga yaqin maxsus texnika va 70 ta transport vositasiga ega jami shakllantirilgan 67 ta brigada va ularga biriktirilgan 367 nafar ishchi-xodim elektr ta’minoti tizimida band bo‘lmoqda.
Ta’kidlash joizki, kuz-qish mavsumini betalafot o‘tkazish va tizimda zarur elektr qurilmalari zaxirasini yaratish maqsadida viloyatda olib borilgan o‘rganishlar natijasida shahar va tumanlardagi mahallalarning 137 tasida elektr ta’minotiga daxldor nuqson va muammo mavjudligi ayon bo‘lgan. Shundan so‘ng, o‘tgan oylarda og‘ir sharoitdagi aholi maskanlarida 59,2 kilometr uzunlikdagi elektr uzatish tarmog‘i yangidan barpo qilinib, 47 dona transformator punkti o‘rnatilgani holda yana 100 dona transformator qayta ta’mirlanib, quvvati oshirilgan.
Masalan, aholisi nisbatan ko‘p va zich joylashgan G‘ijduvon tumanidagi mahallalardan 21 tasidagi mavjud nuqson va kamchiliklarni bartaraf etishga kirishildi. Shundan 13 ta mahalladagi elektr transformatori quvvati oshirilgan va 7 ta transformator yangidan o‘rnatilgan. Shuningdek, 8 ta mahallada 9,3 kilometr uzunlikdagi tarmoq yangilangani holda “SIP” kabeli tortilgan.
Xuddi shunday, Jondor tumanida 13 ta, Olot tumanida 11 ta mahallada keng qamrovdagi ta’mirlash-tiklash ishlari olib borildi. Ikki hududda umumiy uzunligi qariyb 7 ming metr masofaga tarmoq kabeli tortilgan. Jondorda 3 ta, Olotda 2 ta elektr transformatori yangidan o‘rnatilgan va jami 19 ta mahalladagi xuddi shuncha transformator qayta ta’mirlanib, elektr quvvati oshirilgan.
Kezi kelganda ta’kidlash joizki, sohada amalga oshirilayotgan chora-tadbir samarasida elektr energiyasi behuda sarfini, isrofgarchiliklarni bartaraf etish, energiya iste’molini iqtisod qilishga ham alohida e’tibor kuchaytirilgan. Shu nuqtai nazardan, viloyat miqyosida joriy yil aprelidan sentyabr oyiga qadar iqtisod qilingan elektr energiyasi miqdori 131,9 million kilovatt soatga teng. Transformator va tarmoqlarni ta’mirlash hisobiga yo‘qotishlarni qisqartirish miqdori 30,5 million kilovatt soatga teng bo‘ldi. Zamonaviy ilg‘or va tejamkor texnologiyalarni keng qo‘llash natijasida 74,2 million kilovatt soat elektr energiyasi iqtisod qilinayotgan bo‘lsa, joylarda ommaviy tus olayotgan quyosh panellarini o‘rnatish va geleokollektorlarni o‘rnatish hisobidan 14,8 million kilovatt soat elektr energiyasi tejab qolinmoqda.
Korxonalarda amalga oshirilayotgan islohotlar, ishlab chiqarishda joriy qilinayotgan zamonaviy texnologiyalar xalqimizning turmush madaniyatini yanada yuksaltirish, aholiga qulay yashash sharoitlarini yaratish, eng muhimi, qish oylarida ko‘p kvartirali uylarda istiqomat qiluvchi aholiga bir maromda issiqlik energiyasini yetkazib berish yo‘lida yana bir muhim qadam bo‘lishiga shubha yo‘q. Zero, soha xodimlarining oldiga qo‘yilgan bugungi dolzarb vazifalar ham aynan shuni taqozo etmoqda.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat),
O‘zA muxbirlari