Buxoro viloyati: islohotlar o‘z samarasini bermoqda
Mamlakatimiz, jumladan, Buxoro viloyatida ham ijtimoiy-iqtisodiy jabhalarni erkinlashtirish, inson qadrini ulug‘lash hamda odamlarning farovon yashashi uchun munosib sharoitlar yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Darhaqiqat, bugun shahar va tumanlar yanada obod va ko‘rkam maskanlarga, chinakam islohotlar maydoniga aylangan.
Prezidentimizning viloyatlarga tashriflari joylarda keng ko‘lamda quloch yozib, xalq roziligi yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligini yanada oshirishi bilan ham ahamiyatlidir. Davlatimiz rahbarining avvalgi tashrifidan so‘ng Buxoro viloyatida 250 ming yangi ish o‘rni tashkil etish belgilangan edi. Buning uchun viloyatdagi 98 ta og‘ir mahallalarning har biri bo‘yicha aholi bandligini ta’minlash, tadbirkorlikni rivojlantirish va kambag‘allikni qisqartirishga qaratilgan “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqildi va tasdiqlandi. Har bir xonadondagi ishsiz aholi, ayniqsa ayollarni o‘qitish va ularni kasanachilikka jalb etish, kichik ishlab chiqarish hamda xizmat ko‘rsatish yo‘nalishida mikroloyihalar tashkil etish, yetakchi tadbirkorlar bilan hamkorlikda turli yo‘nalishlarda kooperatsiyalar tashkil etish, ijara asosida ajratilgan yerlardan foydalanish samaradorligini oshirish kabi masalalar bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berildi.
Viloyatdagi ishsiz aholi, ayniqsa ayollarni o‘qitib, uy mehnatini rivojlantirish va bu orqali mahallalarda “ishsizlikdan xoli hudud”ni yaratish maqsadida klasterlarga og‘ir mahallalar biriktirib berildi. Jumladan, klasterlar tomonidan umumiy qiymati 744,8 milliard so‘mlik 151 ta loyihalarni amalga oshirish orqali 72 017 ta ish o‘rni yaratildi.
Aholiga uzoq muddatga ijaraga qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish uchun ajratiladigan 14 ming gektar yer maydoni hamda takroriy ekin ekishga yer maydonlari ajratish hisobiga 66 mingdan ziyod aholi vakillari, jumladan, xotin-qizlar va yoshlar ish bilan ta’minlangan.
[gallery-17614]
Bugungi kunga qadar viloyatda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida kasanachilik va hunarmandchilik yo‘nalishida jami 6556 nafar jismoniy va yuridik shaxslarga tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishi uchun 130,5 milliard so‘m miqdorida imtiyozli kredit mablag‘lari yo‘naltirildi. Monomarkaz, kasb-hunar markazlari, mahalla o‘quv maskanlari tomonidan joriy yilda 16 ming 261 nafar ishsizlar kasbga o‘qishga jalb etildi. Ular asosan, tikuvchilik, qurilish ishlari, sartaroshlik, zargarlik, elektromontaj, avtomobillarga xizmat ko‘rsatish kabi 42 ta yo‘nalishlarda o‘qitilmoqda. Bir so‘z bilan aytganda, viloyatda ishsizlikni kamaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Viloyatda qishloq xo‘jaligi tarmog‘ini yanada takomillashtirish ham doimo e’tiborda. Paxta va g‘alla maydonlarini qisqartirish hisobiga tashkil qilingan dehqon xo‘jaliklari yerlaridan, aholi tomorqalaridan unumli foydalanish bo‘yicha har bir tuman kesimida chora-tadbirlar belgilandi. Natijada 2023 yilda meva-sabzavotchilik yo‘nalishidagi umumiy qiymati 980,7 milliard so‘mlik 67 ta loyihalarni manzilli ro‘yxati hamda ularni amalga oshirish yuzasidan chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqildi.
Viloyatda ipak qurti ozuqa bazasini yanada rivojlantirish maqsadida 2023 yil bahor mavsumida jami 6056,5 ming tup tut ko‘chatlari ekilgan. Joriy yilning kuz mavsumida yana 4032,0 ming dona tup tut ko‘chatlarini ekish rejalashtirilgan. Viloyatda 3-4-mavsumda jami 6970 quti ipak qurti parvarishlanib, 279,8 tonna pilla xom-ashyosi yetishtirildi. “Obod qishloq” hamda “Obod mahalla” davlat dasturlari doirasida ham keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Hududlarda nafaqat ekin maydonlari, bog‘-tokzorlar, o‘nlab qishloqlar aholisi iste’molga yaroqli toza ichimlik suvidan bahramand bo‘ldi. Umuman, viloyatda barcha sohada olib borilayotgan islohotlar o‘z samarasini bermoqda.
Ko‘hna va boqiy Buxoroda turizm yildan yilga yuksalmoqda. Sayohat qilish uchun internetdan izlab, aynan Buxoroni tanlayotgan chet ellik sayyohlar soni ortmoqda. Negaki, ko‘p ming yillik bu tarixiy evrilishlar davrini bosib o‘tgan shaharning takrorlanmas me’moriy obidalarida o‘zgacha sehr, mahobat bor. Labi hovuz, Ark qo‘rg‘oni, Nodir devonbegi madrasasi, Somoniylar maqbarasi, yana boshqa obidalar o‘z kaloriti, dizayni, sharqona go‘zalligi bilan ajralib turadi.
O‘zining betakror obidalari bilan dunyoga tanilgan Buxoroda keyingi yillarda turizmni rivojlantirish, sayyohlik ob’ektlarini takomillashtirish, xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash borasida bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Joriy yilning yanvar-aprel oylarida viloyatda yangi 8 ta mehmonxona, 1 ta xostel, 16 ta oilaviy mehmon uyi tashkil etildi. Shuningdek, 18 ta yangi turoperator va turagent faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Joriy yilning o‘tgan davrida 455 mingdan ziyod chet ellik sayyoh tashrif buyurgani ahamiyatlidir. Bundan tashqari, mamlakatimizning turli hududlaridan 1 million 439 ming 500 nafar kishi mahalliy sayyoh sifatida tashrif buyurgan.
Sayyohlar ko‘p tashrif buyuradigan barcha turizm infratuzilma ob’ektlari, madaniy meros ob’ektlari, umumiy ovqatlanish shoxobchalari, muzeylar, galereyalar, kinoteatr va teatrlar, savdo-ko‘ngilochar markazlar, bozorlar, madaniyat tashkilotlari, xiyobon va bog‘lar, temir yo‘l vokzallari, avtoshohbekatlar va aeroportlar, shuningdek, tabiiy muhofaza etiladigan hududlarda yuqori darajali sifatli servis xizmatlari tashkil etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Soha mutasaddilarining ta’kidlashicha, navbatdagi muhim vazifa sayyohlar, mahalliy mehmonlarning qadim shaharda bo‘lishlari muddatini cho‘zish hisoblanadi. Buning uchun ularga namunali xizmat ko‘rsatish sifatini yuqori darajaga ko‘tarish zarur. Bu borada keyingi yillarda tarmoq faoliyatiga bevosita daxldor tashkilot hamda idoralar zimmasiga bir qator vazifalar yuklatildi.
Turizm tarmog‘ini takomillashtirish xususida gap borganda, o‘tgan yili sentyabr oyida Prezidentimiz raisligida bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida sayyohlik tizimini tubdan yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlar qatorida mutasaddilarga mamlakatimizdagi 1 ming 200 dan ziyod ziyoratgohlar imkoniyatlarini to‘liq ishga solib, yiliga kamida 1 million nafar sayyohni jalb qilish dasturini tasdiqlashga ko‘rsatma berilganini e’tirof etish joiz. Unda ta’kidlanganidek, yurtimizga ziyoratga kelayotgan turistlarning mazhabi, tariqati, yondashuvi har xilligini inobatga olib, qaysi din yoki mazhab vakillariga qanday taom, ovqatlar taklif qilishni, mehmonxona va ibodat joylarini qanday jihozlashni ilmiy yondashuvlarsiz qilib bo‘lmasligi ko‘rsatib o‘tilgan.
Aytish mumkinki, davlatimiz rahbarining har bir tashrifidan so‘ng yangilanib borayotgan ko‘hna va boqiy Buxoroda bugun ham qurilish-bunyodkorlik, obodonlashtirish ishlari keng ko‘lamda davom etmoqda. Navbatdagi tashrif ham Buxoro va buxoroliklar hayotida yangi sahifa ochishi, hudud rivoji, aholi turmush farovonligini oshirishga qaratilgan tashabbuslarga boyligi bilan muhim ahamiyat kasb etadi.
Zarif Komilov,
Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari.