Buxoro tarixiy markazining loyihasi ishlab chiqiladi
Madaniy meros ob’ektlari va inshootlarini asrab-avaylash, Buxoro tarixiy markazi hududidagi qadimiy, madaniy ahamiyatga ega hududlar hamda ob’ektlarning o‘ziga xosligini saqlagan holda restavratsiya va rekonstruksiya qilish, shuningdek, arxitektura, qiyosiy va ijtimoiy tadqiqotlar asosida ularni shahar infratuzilmasiga integratsiyalash maqsadida Buxoro tarixiy markazining master va menejment loyihasini ishlab chiqish belgilangan.
Master va menejment loyihasini Umumjahon madaniy va tabiiy merosni muhofaza qilish to‘g‘risidagi konvensiya talablaridan kelib chiqqan holda ishlab chiqish bo‘yicha Fransiyaning “Wilmotte & Associes SAS d’Architecture” xalqaro arxitektura guruhi bilan hamkorlikda ishlar olib borilmoqda.
Loyihani ishlab chiqish jarayonlari boshlangan. 21 nafar xorijiy mutaxassislardan iborat guruh Buxoro shahrida o‘rganish, zarur ma’lumot va materiallarni jamlash ishlarini amalga oshirmoqda.

–Bu guruh Buxorodagi madaniy meros, turizm, qurilish, kadastr, geologiya, kommunikatsiya, hunarmandchilik, arxitektura, avtomobil yo‘llari, temir yo‘l va havo yo‘llari, iqtisodiyot hamda transport xizmati kabi tashkilotlarning mutasaddi rahbarlari va mutaxassislari bilan ochiq muloqotlar olib bordi, –deydi Buxoro viloyati madaniy meros boshqarmasi boshlig‘i Shohabbos Sharofiddinov. –Ularning faoliyati bilan tanishdi. Shuningdek, viloyat madaniy meros boshqarmasi mutaxassislari tomonidan ularga Buxoro shahridagi barcha madaniy meros ob’ektlari, arxitektura yodgorliklari, qadimiy uy-joylar hamda aholi yashash xonadonlari bilan tanishish va o‘rganish jarayonlarini tashkil etishda yaqindan ko‘mak berilmoqda.

Loyihaning dastlabki bosqichida Buxoro shahriga doir umumiy, statistik va shaharsozlik ma’lumotlarini tahliliy o‘rganish, shahar infratuzilmasini texnik ko‘rib chiqish hamda to‘plangan ma’lumotlarni qiyosiy tahlil qilish rejalashtirilgan.
Mazkur ishlar Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi tashabbusi bilan Buxoro viloyati hokimligi hamda Madaniy meros agentligi bilan hamkorlikda tashkillashtirilmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri