“Buxoro tajribasi”: Yashirin iqtisodiyotga qarshi raqamli inqilob
Yashirin iqtisodiyot har qanday mamlakat taraqqiyotiga jiddiy to‘siqdir. U davlat byudjeti daromadlarining kamayishi, insofli tadbirkorlar manfaatlarining cheklanishi, raqobat muhitining buzilishi va investitsiyaviy jozibadorlikning pasayishiga sabab bo‘ladi.
Shu bois bugun Yangi O‘zbekistonda mazkur illatga qarshi kurashishda eski usullar emas, balki raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt imkoniyatlariga tayangan zamonaviy yondashuvlar hayotga tatbiq etilmoqda. Bu borada Buxoro viloyatida amalga oshirilayotgan ishlar nafaqat respublika, balki xalqaro miqyosda ham e’tiborga loyiq namunaga aylanishi kutilmoqda.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida hudud va tarmoqlarda iqtisodiy o‘sishni ta’minlash bo‘yicha birinchi chorak yakunlari hamda yil oxiriga qadar amalga oshiriladigan ustuvor vazifalar muhokama qilingan videoselektor yig‘ilishida yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashishning aniq metodologiyasi belgilab berilgan edi. Davlat rahbari barcha hududlarda ishlarni shu tizim asosida tashkil etish, ayniqsa, bu sohada “Buxoro tajribasi”ni shakllantirish zarurligini alohida ta’kidlagandi.
Ushbu topshiriqlar ijrosi doirasida viloyat hokimligi Raqamli boshqaruv markazida yashirin iqtisodiyotni qisqartirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar atroflicha tahlil qilindi.

Tadbirda Buxoro shahrining tarixiy Eski shahar hududini raqamlashtirish asosida yaratilayotgan zamonaviy elektron platformaning imkoniyatlari keng taqdim etildi. Yangi raqamli tizim sayyohlarga mehmonxonalar, restoranlar, milliy hunarmandchilik do‘konlari, madaniy meros ob’ektlari va boshqa xizmatlar haqida tezkor, aniq hamda ishonchli ma’lumot taqdim etadi. Bu esa turistlar uchun qulaylik yaratish bilan birga, tadbirkorlar faoliyati samaradorligini oshirish, mijozlar oqimini ko‘paytirish va xizmatlar sifatini yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qiladi.
Eng muhimi, mazkur platforma faqat turizmga xizmat qilmaydi. U yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashishning samarali raqamli vositasi sifatida ham ishlaydi. Platforma orqali xizmatlar hisobini to‘liq yuritish, soliq intizomini mustahkamlash, sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish hamda davlat, tadbirkor va iste’molchi manfaatlari o‘rtasida muvozanatni ta’minlash imkoni yaratiladi.

Tizimning tahliliy imkoniyatlari yanada e’tiborlidir. U turizm sohasidagi sub’ektlarni avtomatik tarzda “yashil”, “sariq” va “qizil” toifalarga ajratib, xavf darajasini baholaydi. Shu orqali litsenziyasiz faoliyat yuritish, haqiqiy aylanmani yashirish, ish o‘rinlari va mehnatga haq to‘lash jamg‘armasini kamaytirib ko‘rsatish, rentabellik hamda foydani sun’iy ravishda pasaytirish kabi xavf-xatarlar inson aralashuvisiz avtomatik tarzda aniqlanadi.
Bu esa nazorat organlari faoliyatini mutlaqo yangi bosqichga olib chiqadi. Endi tekshiruvlar tasodifiy emas, balki raqamli tahlillarga asoslangan holda manzilli tashkil etiladi. Mas’ul idoralarning kuch va vositalari aynan xavf yuqori bo‘lgan nuqtalarga yo‘naltiriladi, inson omili esa sezilarli darajada qisqaradi. Natijada shaffoflik ta’minlanib, korrupsiya xavfi ham kamayadi.
Taqdimot davomida viloyat hokimi Botir Zaripov platformani yanada takomillashtirish bo‘yicha qator takliflarni ilgari surdi. Jumladan, interaktiv xaritalarni rivojlantirish, ko‘p tilli xizmatlarni joriy etish, onlayn bron qilish va elektron to‘lov imkoniyatlarini kengaytirish orqali uni mahalliy va xorijiy sayyohlar uchun yanada jozibador qilish masalalari muhokama qilindi.
Viloyat rahbari yashirin iqtisodiyotni qisqartirishda asosiy e’tibor raqamlashtirish, davlat organlari o‘rtasida axborot almashinuvini kuchaytirish, inson omilini minimallashtirish hamda nazoratni manzilli tashkil etishga qaratilishi lozimligini ta’kidladi.
Shuningdek, mas’ullarga qisqa muddatda mavjud axborot tizimlarini yagona platformaga integratsiya qilish, barcha sohalarni mazkur tizim bilan qamrab olish va uni to‘liq ishga tushirish vazifasi yuklatildi. Barcha tadbirkorlik sub’ektlari uchun teng raqobat muhitini shakllantirish, yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashishda mutasaddilarning mas’uliyatini oshirish hamda nazorat mexanizmlarini yanada kuchaytirish bo‘yicha aniq topshiriqlar berildi.
Bugun Buxoroda yaratilayotgan ushbu raqamli yechim oddiy axborot platformasi emas. U iqtisodiyotning shaffofligini ta’minlaydigan, halol tadbirkorni qo‘llab-quvvatlaydigan, investorlar ishonchini mustahkamlaydigan va davlat boshqaruvini yangi bosqichga olib chiqadigan intellektual tizimdir. Agar mazkur tajriba kutilgan natijani bersa, “Buxoro tajribasi” mamlakat bo‘ylab yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashishning eng samarali modeli sifatida keng tatbiq etilishi shubhasiz.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri