“Buxoro – islom sivilizatsiyasi gavhari”
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 26 apreldagi “Respublikaning turizm salohiyatini jadal rivojlantirish hamda mahalliy va xorijiy turistlar sonini yanada oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi va 2022 yil 20 maydagi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Xalqaro turizm haftaligi”ni tashqil etish va o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qarorlari ijrosini ta’minlash maqsadida Buxoroda “Xalqaro ziyorat turizmi haftaligi” tadbirlari bo‘lib o‘tmoqda.
O‘zbekiston islom sivilizatsiyasi markazi tomonidan haftalik doirasida mamlakatimizdagi mavjud ziyorat turizmi imkoniyatidan yanada unumli foydalanish, O‘zbekiston zaminini dunyo sivilizatsiyasining muhim markazlaridan biri sifatida namoyon qilish, jahon hamjamiyati va xalqaro tashkilotlarning yuqori e’tiroflariga sazovor bo‘lish, shuningdek, ziyorat turizmi xizmatlarini diversifikatsiya qilish va turizm eksportini oshirish maqsadida “Buxoro – islom sivilizatsiyasi gavhari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etildi.
Xalqaro konferensiyada O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi rahbarlari va ilmiy jamoasi, qator xalqaro tashkilotlar, islom dunyosining nufuzli shaxslari, chet davlatlarning ziyorat turizmi mas’ullari, mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari hamda keng jamoatchilik vakilllari ishtirok etdi.

Anjumanda 30 ga yaqin mahalliy va xorijiy tadqiqotchi olim, xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, ziyorat turizmi yo‘nalishidagi soha mutaxassislari, vazirlik va idoralar vakillari jahon va milliy turizm rivojlanishida yangi trendlar, turizm yo‘nalishidagi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari, ziyorat turizmi imkoniyatlari va mavjud kamchiliklar, Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyati yuzasidan ma’ruzalar o‘qishdi.
Markaz muzeyi fondi va ekspozitsiyasini shakllantirish maqsadida muzey fondiga qabul qilingan tarixiy ashyolar, maket va mulyajlar, Qur’oni karimning nodir qo‘lyozmasidan iborat kolleksiya haqida batafsil ma’lumotlar berildi.

Tadbir doirasida Islom sivilizatsiyasi markazi tomonidan nashr qilingan ilmiy-ma’rifiy kitoblar ko‘rgazmasi tashkil etildi.
Shuningdek, Markaz xodimlari Mir arab madrasasining 500 yilligiga bag‘ishlangan “Boqiy Buxoroning Islom sivilizatsiyasidagi o‘rni” mavzusidagi xalqaro konferensiya doirasida tashkil etilgan “Buxoro allomalari ilmiy merosining ahamiyati” “Mir arab madrasasi tashkil topganining 500 yilligi: o‘tmish va hozirgi zamon” “Boboxonovlar sulolasining islom dinini saqlash, targ‘ib va himoya qilishga qo‘shgan hissasi” mavzularidagi shu’ba yig‘ilishlarida ham qatnashdi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri