Buxoro ilmi hadis, Qashg‘ar devon shahrimiz
Joriy yil 9 mart kuni Turkiya Respublikasining ko‘zga ko‘ringan nashrlaridan biri «Turkiya gazetasi»da jurnalist va yozuvchi Maryam Aybeka Sinanning «Besh kunda O‘zbekiston!» nomli maqolasi e’lon qilindi.
Muallif maqolada o‘z hamkasblari bilan O‘zbekistonga qilgan sayohati, mamlakatimizning bebaho madaniy merosi, dunyoga mashhur shaharlari, umuman olganda, O‘zbekiston haqidagi taassurotlari bilan o‘rtoqlashgan.
«Derlarki, go‘zallikda tengsizdir Van shahrimiz (Turkiyadagi shahar nomi)
Buxoro ilmi hadis, Qashg‘ar devon shahrimiz» O‘z maqolasini ushbu go‘zal misralar bilan boshlagan muallif, avvalo turkiy xalqlarning mushtarak tarixidan so‘z yuritadi. Shu ma’noda O‘zbekistonning turkiyzabon davlatlar orasida alohida o‘ringa ega ekanini ta’kidlar ekan, «Bu o‘lka turkiy xalqlar ilk bor o‘troq turmush tarzida yashagan, ijtimoiy hayot kechirgan va dastlabki madrasa va masjidlar barpo etilgan qadim turk yurtidir» deya O‘zbekiston haqida samimiy fikrlar bildirgan.
Muallifning qayd etishicha, Islom Karimov nomidagi xalqaro Toshkent aeroportida rang-barang gullar ko‘targan o‘zbek qizlari turkiyalik mehmonlarni kutib olgani ularda qadrdonlari yurtiga kelgandek taassurot uyg‘otgan. U bugungi O‘zbekistonni “...har sohada taraqqiy etgan, nurli o‘lka. Davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy jihatdan mamlakatni yuqori pog‘ona ko‘tara olgan», deb e’tirof etadi maqolasida.
Mehmonlar birinchi navbatda, o‘z vaqtida «Qubbatul islom» degan sharafli nom qozongan Buxoroi sharifni ham ziyorat qilishgan. Ma’lumki, Buxoroga kelgan har bir sayyoh Bahouddin Naqshbandiy qadamjosini ziyorat qilmasdan qaytmaydi. Ulug‘ mutasavvifning purma’no so‘zlari hali hamon o‘z ahamiyatini yo‘qotmay kelmoqda. Maqolada Naqshbandiy maqbarasi peshtoqida «Yo‘limizning asosi suhbatdir. Xayri baraka muloqotdadir, xilvatda emas» degan hikmatlari mehmonlar qalbiga o‘zgacha tasir qilgani ifodalangan.
Qadim Buxorodagi madrasa, masjid, karvonsaroy, qal’a, minora, maydon, hammom va ko‘priklar go‘zalligi muallifning hayratini oshirgan. U qadim va navqiron Buxoroning tarixiy qadamjolari va mehmondo‘st ahliga yuksak baho berarkan, «Zamon tor, qadim Buxoro esa keng!» deya e’tirof qiladi. Ayniqsa, Minorayi kalon va Mir Arab madrasasi haqida alohida so‘z yuritgan Maryam xonim bu tarixiy madrasasini jannat bog‘chalariga o‘xshatadi.
Sayohatning keyingi qismida mehmonlar Imom Buxoriy, Imom Moturidiy va Amir Temurlar bag‘rida yotgan Samarqand shahri tomon yo‘l olishgan. Muallifning ta’kidlashicha, avvalo hanafiya-moturidiy mazhabining peshvosi sanalgan Imom Moturidiy qabrini ziyorat qilganlar. Bu ulug‘ olim xotirasiga atab Qur’oni karim oyatlari tilovat qilinib, duolar o‘qilgan. Shu o‘rinda muallif Imom Moturidiyni «Bizning e’tiqod asoslarimizni tartibga solgan aqidadagi imomimiz» deya e’tirof etadi. Amir Temur maqbarasi ziyorati haqida yozar ekan, ulug‘ bobokalonimizni «Ulug‘ jahongir» nomlari bila yodga oladi.
Safar so‘ngida Toshkentga qaytgan mehmonlar yangi tashkil etilgan Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziga tashrif buyurgani yoritilgan. Muallif ularni Markaz direktori Davronbek Maxsudov yuksak iltifot bilan qarshilaganini yozib, Toshkentga safar qiluvchilarning bariga albatta ushbu maskanga ham tashrif buyurishlarini tavsiya qilgan. Ha, chindan ham yangilanib borayotgan jonajon O‘zbekistonimiz jahonning turli chekkalaridan kelayotgan mehmonlar tomonidan tobora ko‘proq e’tirof etilmoqda.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot
markazi matbuot xizmati
O‘zA