“Butunjahon kosmos haftaligi” o‘tkaziladi
“O‘zbekkosmos” agentligi tashabbusi bilan joriy yilning 4-10 oktyabr kunlari mamlakatimizda “Butunjahon kosmos haftaligi” tadbirlari bo‘lib o‘tadi.
BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 1999 yilda imzolangan rezolyutsiyaga muvofiq, har yili oktyabr oyining dastlabki 10 kunligida dunyoning 100 ga yaqin davlatlari mazkur sanani keng nishonlaydi.
“O‘zbekkosmos” agentligi ham “Butunjahon kosmos haftaligi” doirasida ko‘plab yirik loyihalarni amalga oshirmoqda. Xususan, 4-10 oktyabr kunlari “Tashkent City Mall” markazida kosmos tarixiga bag‘ishlangan maxsus ko‘rgazma o‘z ishini boshlaydi.
Qolaversa, bolajonlar uchun majmuadagi “Sky Park” tomonidan turli interaktiv shou o‘yinlar, tanlov va viktorinalar o‘tkaziladi.
Shu bilan birgalikda 5-6 oktyabr kunlari Toshkent shahridagi Turin Politexnika universitetida “O‘zbekkosmos” agentligi va NASA hamkorligida tashkil etilayotgan yirik “NASA Space Apps Challenge 2024” xakatoni bo‘lib o‘tadi. Unda 200 dan ziyod yoshlar 40 ga yaqin jamoalarga bo‘lingan holda o‘z loyihalarini ishlab chiqadi.
Shuningdek, respublika bo‘yicha umumta’lim maktablari, akademik litsey va universitetlarda “Butunjahon kosmos haftaligi” doirasida ochiq darslar, suhbatlar, taqdimotlar va boshqa qator loyihalar amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
N.Rahmonova, O‘zA