Bugun tugʻilgan kun
Oʻzbekiston Respublikasi jismoniy tarbiya va sport vazirining birinchi oʻrinbosari Ravshan Ermatov 1977-yil 9-avgustda Toshkent shahrida tugʻilgan.
9-avgust
Oʻzbekiston Respublikasi jismoniy tarbiya va sport vazirining birinchi oʻrinbosari Ravshan Ermatov 1977-yil 9-avgustda Toshkent shahrida tugʻilgan.
U Toshkent viloyatining “Gʻazalkent” klubida toʻp surgan. Ogʻir jarohatdan soʻng futbolchilik faoliyatini yakunlab, hakamlikni oʻrganadi. 25 yoshida FIFA hakami boʻldi.
Ravshan Ermatovni JCH-2010 dan soʻng butun dunyo yaxshi eslab qoldi. 2011-yilgi Qatarda oʻtkazilgan Osiyo kubogida ham xatolarsiz ishlab, oʻz brigadasi bilan final bahsini ham boshqardi. Ravshan Ermatov faoliyati davomida 5-marta Osiyo Chempionlar ligasi finalida ishlagan yagona hakam hisoblanadi.
U bu kabi rekordlarni davom ettirib, 2014-yili Braziliyada oʻtkazilgan mundialda 4 ta, 2018-yili Rossiyada oʻtkazilgan mundialda 2 ta uchrashuvni boshqarib, jami 11 ta oʻyinda ishlagan yagona hakam sifatida “Ginnes rekordlari kitobi”dan joy oldi.
Shuningdek, 2015-yili Avstraliyada boʻlib oʻtgan Osiyo chempionatida ham munosib ishladi. Ravshan Ermatov faoliyatidagi soʻnggi eng yirik turniri 2019-yili BAAda oʻtkazilgan Osiyo chempionati boʻldi. Bu turnirda hamyurtimiz 5 ta uchrashuvni boshqarib bordi. Qatar va Yaponiya ishtirokidagi final bahsining unga topshirilishi faoliyatining chiroyli yakuni uchun bezak boʻldi deya olamiz.
Ravshan Ermatov 2011-yilda Xalqaro futbol tarixi va statistikasi uyushmasi tomonidan “Jahonning eng yaxshi hakami” deya eʼtirof etilgan. 2012-yilda esa jahonga mashhur futbol boʻyicha Worldreferee.com sayti tomonidan ham eng yaxshi hakam nomiga loyiq koʻrilgan. 2015-yilda har yili Dubayda oʻtkaziladigan Globe Soccer Awards yilning eng yaxshilarini taqdirlash marosimida yana bir bor “Jahonning eng yaxshi hakami” nomiga sazovor boʻldi.
Oʻtgan yili Ravshan Ermatov Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidentligiga saylandi. Unga joriy yilning fevral oyida katta ishonch bildirilib, Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirining birinchi oʻrinbosari lavozimiga tayinlandi.
Ravshan Ermatov “Oʻzbekiston iftixori” faxriy unvoni, “El-yurt hurmati”, “Buyuk xizmatlari uchun” ordenlari bilan taqdirlangan.
***
P/S: Saytimizda tashkil etilgan “Bugun tugʻilgan kun” loyihasida turli sohalarda mamlakatimiz ravnaqiga oʻz hissasini qoʻshayotgan insonlar, davlat va jamoat arboblari, akademiklar, el sevgan ijodkorlar hamda kasbi, tanlagan yoʻlida yuqori natijalarga erishayotgan vatandoshlarimizning tugʻilgan kunlari esga olinadi.
Mazkur ruknga oid fikr-mulohazalaringiz, taklif yoki qoʻshimchalaringiz boʻlsa, quyidagi manzillarga murojaat qilishingiz mumkin.
Telegram: @UzA_pochta, @Ikrom_Avvalboyev
E-mail: pochta@uza.uz, uzauz@yandex.ru
Telefon: (71) 233-42-84, (71) 233-21-37
Saytimizni kuzatib boring!