Burundi prezidenti hayotdan koʻz yumdi
Burundi Respublikasi rahbari Pyer Nkurunziza vafot etdi.
Burundi Respublikasi rahbari Pyer Nkurunziza vafot etdi. Bu haqda mamlakat hukumati maʼlum qilgan. 55 yoshli Nkurunziza bir vaqtlar mahalliy xutu xalqi vakillaridan shakllangan qurolli guruhlarning sobiq boshligʻi edi. Keyinchalik sardor oʻz guruhini partiyaga aylantirdi va mamlakat boshqaruvini qoʻlga olib, 15 yil Burundida prezidentlik qildi. U har doim millatni Yaratganning irodasi bilan boshqarayotganini taʼkidlardi. Fojianing rasmiy sababi sifatida yurak xuruji keltirilgan.
Pyer Nkurunziza 2005-yilda davlat tepasiga kelgan, avgust oyida uning navbatdagi prezidentlik muddati tugashi kerak edi.
2020-yil 20-mayda Burundida saylovlar boʻlib oʻtdi. Nkurunziza bu gal davlat rahbarligiga oʻz nomzodini qoʻymadi. Saylovda hukmron partiya - CNDD-FDD nomzodi Evarist Ndayshiyemiye 68,72 foiz ovoz toʻplab, gʻolib chiqdi.
Oʻtgan shanba Nkurunziza oʻzini yomon his qila boshladi va uni mamlakat sharqidagi Karuzi shahri klinikasiga olib borishdi. Shifoxonada sobiq prezidentning ahvoli biroz oʻnglangandek boʻldi, biroq dushanba kuni bemor keskin ogʻirlashdi. Afsuski, shundan soʻng reanimatologlarning barcha saʼy-harakatlari zoye ketdi.
Burundi Konstitutsiyasi oliy rahbarlik lavozimiga bir kishi 5 yildan ikki martadan koʻp saylanishini man etadi. Shunga qaramasdan, 2015-yil Nkurunziza uchinchi bor prezidentlikka oʻz nomzodini qoʻyishini eʼlon qilgan. Bunga sabab qilib dastlabki muddatda uni xalq emas, parlament saylaganini roʻkach qilgan.
Mazkur qaror koʻpchilikda norozilik uygʻotdi. Hatto, armiya davlat toʻntarishini amalga oshirishga ham urindi. Chiqishlar bostirildi. Oʻshanda maʼlumotlarga koʻra, 1200 ga yaqin fuqaro halok boʻlgan, 200 ming kishi qoʻshni davlatlarga qochib oʻtgan.
Rossiya va Xitoy oʻsha voqealar munosabati bilan Fransiya tomonidan Nkurunzizaning harakatlarini qoralab BMT Xavfsizlik kengashiga kiritilgan rezolyutsiya loyihasini toʻxtatgan edi.
2018-yil mashhur siyosatchi mamlakat konstitutsiyasini oʻzgartirdi, yaʼni prezidentlik muddatini 7 yilgacha uzaytirib, shu orqali lavozimida qolish uchun yana bir yoʻl ochdi. Yaqinda esa kutilmaganda toʻrtinchi muddatga daʼvogarlik qilmasligi haqida bayonot berib, shunchaki, “Vatanparvarlikning oliy dohiysi” unvonini qabul qilishini bildirdi. Boshqacha aytganda oʻzidan keyingi hukumat tepasiga keladigan shaxslar vatanparvarlikka daxldor masalalarni u bilan maslahatlashishlari shart qilib qoʻyildi.
Soʻnggi oylarda tez-tez Nkurunzizani mamlakatda koronavirusga qarshi kurash choralarini koʻrmayotganlikda ayblab chiqishayotgan edi. Sababi, u karantin cheklovlarini joriy etish oʻrniga Burundi xalqini hokimi mutlaq asrashi haqida jar solish bilan kifoyalandi.
Ayrim manbalar xabaricha, Nkurunzizaning rafiqasi Covid-19 tashhisi bilan kasalxonaga tushgan, biroq sobiq prezidentning oʻzi virus yuqtirgan-yuqtirmaganligi xususida maʼlumot berilmagan.
Pandemiya eng avjiga chiqqan bir paytda – joriy yilning 20-mayida Burundida boʻlib oʻtgan prezident saylovlarida Nkurunziza tomonidan tayyorlangan uning izdoshi Evariste Ndaishimiye gʻolib boʻldi.
Sharqiy Afrikada joylashgan Burundi Belgiyaning sobiq mustamlakasi hisoblanadi, 9 milliondan kamroq aholisi bor. Ular, asosan, nasroniy dinining turli mazhablariga eʼtiqod qiluvchi xutulardir. Mamlakatning toʻgʻridan-toʻgʻri dengizga chiqish imkoniyati, kam miqdorda nikel qazib olinishini aytmaganda, aytarli tabiiy boyliklari ham yoʻq. Jahon banki maʼlumotlariga koʻra, Burundi qashshoqlik darajasi boʻyicha dunyoda oxiridan 3-oʻrinni band etgan.