Bunyodkorlik ishlari jadal olib borilmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 18 sentyabrdagi “Islom taraqqiyot banki va OPEK xalqaro taraqqiyot jamg‘armasi ishtirokidagi “Qishloq joylarni barqaror rivojlantirish” loyihasini amalga oshirish chora tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida Buxoro, Kogon, Vobkent, Shofirkon va G‘ijduvon tumanlarida jamoatchilik fikrini o‘rganish asosida ijtimoiy soha ob’ektlarini qurish va ta’mirlash vazifasi qo‘yilgan.
Shunga asosan, Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 20 oktyabrdagi qarorida “Bobohaydar” mahalla fuqarolar yig‘inidagi 18-sonli maktab hududida 90 o‘rinli, “Paxtaobod” mahalla fuqarolar yig‘inidagi 26-sonli maktab hududida 90 o‘rinli maktabgacha ta’lim tashkiloti qurish, “Tezguzar” va “Mirzoqul” mahalla fuqarolar yig‘inida mahalla maishiy-xizmat ko‘rsatish markazlarini barpo etish belgilangan.

Mazkur ob’ektlar Buxoro viloyati hokimligi huzuridagi “Yagona buyurtmachi xizmati injiniring kompaniyasi” DUK buyurtmachiligida amalga oshirilmoqda. Loyiha smeta hujjatlari “Qishloqqurilish loyiha” MCHJ tomonidan ishlab chiqilgan. Maktabgacha ta’lim tashkilotlarida qurilish ishlari “BROS CITY” MCHJ tomonidan olib borilmoqda va shartnoma qiymati 8 382,1 million so‘mni tashkil etadi. Ushbu tadbirlarni amalga oshirish orqali tumandagi maktabgacha ta’lim qamrovini oshirish maqsad qilingan.

“Mirzoqul” va “Tezguzar” mahalla fuqarolar yig‘inlaridagi mahalla maishiy xizmat ko‘rsatish markazlarini qurish ishlari “G‘ijduvon standart qurilish” MCHJ tomonidan olib borilmoqda va shartnoma qiymati 9 174,3 million so‘mni tashkil etadi. Tumanda amalga oshirilayotgan tadbirlar joriy yil yakuniga qadar foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.