Bunyodkorlik: bayramga munosib tuhfa
Buxoro viloyati Vobkent tumanidagi “Xayrobod” va “Niyozxo‘ja” mahallalarida “Obod qishloq” Davlat dasturi doirasida keng ko‘lamli obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda. Dastur doirasida umumiy qiymati 28,2 milliard so‘mlik qurilish-bunyodkorlik ishlari amalga oshiriladi.
Jumladan, 21,2 kilometrga suv tarmoqlari tortilib, 2 ta suv inshooti quriladi. 8,2 kilometrga elektr energiyasi tarmoqlari tortiladi. Hududdagi 2 ta umumta’lim maktabi, 1 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti va 2 ta tibbiyot muassasasi mukammal ta’mirlanadi. Bundan tashqari, ijtimoiy soha obektlarini yangidan barpo etish ko‘zda tutilgan.
Vobkent tumanida ayni paytda 44 ta mahalla fuqarolar yig‘ini faoliyat yuritmoqda. O‘tgan yili boshida ularning aksariyati o‘z binosiga ega emas edi. 2021 yilning ikkinchi yarmida “Beshrabot”, “Mo‘minobod”, “Ko‘lxatib”, “Shohnigor”, “Cho‘rikalon”, “Hajuvon”, “Xayrxush”, “O‘zbakon” va “Kosari” mahalla fuqarolar yig‘inlari uchun yangi bino qurib berildi. Joriy yilda yana 13 ta mahalla uchun bino qurilishi loyihalashtirilgan.

Joriy yil investitsiya dasturiga muvofiq, “Xayrobod” mahallasidagi 24-sonli umumta’lim maktabini mukammal ta’mirlash maqsadida 3 milliard 488 million so‘m ajratilgan. Niyozxo‘jadagi 19-sonli umumta’lim maktabini kapital rekonstruksiya qilish va sport zali qurish uchun 2 milliard 800 million so‘m mablag‘ moliyalashtirilgan. Bu inshootlarni yangi o‘quv yiliga qadar ta’mirlash va atrofini obodonlashtirish belgilangan.
“Niyozxo‘ja”da 14-sonli oilaviy poliklinika filialini kapital ta’mirdan chiqarish uchun 440 million so‘m ajratilgan. Bu yerda “Buxoro ta’mir Bunyod qurilish” MCHJ binokorlari ish boshlagan. Xuddi shunday, “Xayrobod” da 11-sonli oilaviy poliklinika filialini mukammal rekonstruksiya qilish va jihozlashga 328 million so‘m mablag‘ ajratilgan. Shu kecha-kunduzda qurilish-pudrat korxonasi “Buxoro Jondor stroy” MCHJ tomonidan ta’mirlash-tiklash ishlari olib borilmoqda.
Har ikki mahalla markazini obod qilish, yo‘l, suv ta’minoti, elektr energiya tarmoqlaridagi muammolarni bartaraf etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Mahallalar uchun alohida ma’muriy bino qurish ham rejalashtirilgan. Buning uchun mos ravishda jami 490 million so‘m sarmoya ajratilgan.
Niyozxo‘ja mahallasidagi 31-sonli maktabgacha ta’lim tashkiloti qayta qurilmoqda. 1 milliard 515 million so‘m mablag‘ evaziga qayta chiroy ochayotgan inshootda “PBQ montaj” MCHJ ishchi-mutaxassislari mehnat qilayotir. Bundan aholi juda mamnun.
Tumanning “Rozmoz” mahallasi aholisi ko‘pdan buyon zamonaviy, har tomonlama qulayliklarga ega bolalar bog‘chasiga muhtoj edi. Nihoyat, bu muammo hal bo‘ldi. “Buxoro ta’mir bunyod qurilish” MCHJning serg‘ayrat quruvchilari zamonaviy bolalar bog‘chasi binosi qurilishini boshlagan. Loyiha qiymati 3 milliard 329 million so‘m bo‘lgan bog‘cha binosini sifatli va benuqson qurib, yaqin uch oyda foydalanishga topshirish rejalashtirilgan. Zamonaviy muassasa sentyabr oyida 90 nafar jajji bolajonni o‘z bag‘riga oladi.
Quruvchi-bunyodkorlarning qo‘li-qo‘liga tegmaydi. Umumta’lim maktablari va boshqa ijtimoiy soha inshootlarini qayta ta’mirlash yoki yangidan qurish ishlari avjida. Yuqorida qayd qilingan manzillar va ularda barpo qilinayotgan inshootlar, ta’mirdan chiqarilayotgan muassasalardagi barcha ishlar mustaqillik bayrami arafasida yakunlanadi. Bayramga munosib tuhfa sifatida foydalanishga topshiriladi.
Zarif Komilov, O‘zA