Bunda bulbul kitob oʻqiydi
“Oʻzekspomarkaz”da “Tashkent Book Fest” Toshkent xalqaro kitob koʻrgazma-yarmarkasi yuqori saviyada oʻtkazildi.
“Oʻzekspomarkaz”da “Tashkent Book Fest” Toshkent xalqaro kitob koʻrgazma-yarmarkasi yuqori saviyada oʻtkazildi.
Unda Rossiya, Germaniya, Qozogʻiston kabi koʻplab xorijiy mamlakatlar va yurtimizdagi nashriyotlar va kutubxonalar vakillari kitob mahsulotlari bilan qatnashib, zamonaviy nashriyot-matbaa sanʼatini namoyish etishdi. Yuqori sifat va zamonaviy dizayn bilan chop etilgan kitoblarni oʻqish maroqli va qiziqarli. Lekin “Osh egasi bilan shirin” deganlaridek oʻquvchilarning oʻsha kitoblar mualliflari bilan uchrashuvi yana-da qiziqarli boʻladi. Xalqaro kitob koʻrgazma-yarmarkasida kitob mualliflari, yozuvchilar, shoirlar bilan samimiy muloqotlar, davra suhbatlari, taqdimotlar va mushoiralar tashkil etilgani nur ustiga nur boʻldi.
Prezidentimiz tashabbusi bilan atoqli adiblar nomi bilan ijod maktablari tashkil etilgani milliy adabiyotimiz rivojiga koʻrsatilgan yuksak eʼtiborlardan biri boʻldi. Shoir Gʻayrat Majidning Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi “Ijod” jamoat fondi tomonidan nashr etilgan “Bunda bulbul kitob oʻqiydi” nomli kitobida Isʼhoqxon Ibrat, Ibroyim Yusupov, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Muhammad Yusuf nomidagi ijod maktablarining faoliyati haqida hikoya qilingan. Modomiki, kitob va kitobxonlik ijod va ijodkor bilan bogʻlik ekan, bugungi kunda ushbu kitobning ahamiyati naqadar muhim ekanini yanada teran his etamiz. Mamlakatimizda bugun yoshlarning kitob oʻqishga qiziqishini koʻrganlarning xayolidan beixtiyor “Bizda hamma kitob oʻqiydi” degan fikr kechishi tabiiy.
Xalqaro kitob koʻrgazma-yarmarkasi tadbirlari doirasida Gʻayrat Majidning “Bunda bulbul kitob oʻqiydi” kitobi taqdimoti boʻlib oʻtdi. Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining oʻrinbosari Nodir Jonuzoq Prezidentimiz tomonidan ijodkor yoshlarga koʻrsatilayotgan gʻamxoʻrlik va eʼtibor, atoqli adiblar nomi bilan ataladigan ijod maktablari oʻquvchilari bilan xalqimizning sevimli yozuvchilari oʻrtasida yoʻlga qoʻyilgan ustoz-shogirdlik munosabatlari, “Bunda bulbul kitob oʻqiydi” kitobi ham aynan mana shunday oʻzaro samimiy muloqotlar, uchrashuvlar va saboqlarning samarasi ekani haqida gapirdi. Bu yil Prezidentimiz tomonidan Muhammad Rizo Ogahiy, Abdulla Qodiriy va Halima Xudoyberdiyeva nomidagi ijod maktablari tashkil etildi. Albatta, “Bunda bulbul kitob oʻqiydi” kitobining kelgusidagi yangi nashriga ushbu ijod maktablari haqidagi maʼlumotlar va maqolalar kiritiladi.
Shoirlar Sirojiddin Rauf, Faxriddin Hayit, Rustam Musurmon ijod maktablari haqidagi kitobdan oʻrin olgan maqolalar, sheʼrlar va hikoyalarning dolzarbligi, ushbu nashr badiiy-publitsistik janrdagi eng yaxshi kitoblardan biri boʻlgani haqidagi fikrlarini bayon etishdi.
Muallif oʻquvchilarni qiziqtirgan savollarga javob berdi.
Tadbirga mushoira ulanib ketdi. Shoirlar yangi sheʼrlaridan oʻqidi.