Bulung‘urlik Safarboy bobo tanlov g‘olibi
Samarqandda “Bir nuroniy o‘n yoshga mas’ul” respublika ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Unda tanlovning tuman (shahar) bosqichida g‘olib bo‘lgan nuroniylar uch shart bo‘yicha mahallasida “Bir nuroniy o‘n yoshga mas’ul” tamoyili asosida amalga oshirayotgan ishlarini namoyish etdi.


Hakamlar hay’ati xulosasiga ko‘ra, ko‘rik-tanlovning viloyat bosqichi g‘olibligi Bulung‘ur tumani Gulzor mahallasi nuroniysi Safarboy Aliboyevga nasib etdi va u I darajali diplom, bazaviy hisoblash miqdorining 9 baravari miqdorida, ya’ni 3 million 60 ming so‘m pul mukofoti bilan taqdirlandi. Shuningdek, Safarboy bobo ko‘rik-tanlovning respublika bosqichida viloyat sharafini himoya qiladigan bo‘ldi. Narpaylik Muazzam Turdiyeva ikkinchi, nurobodlik To‘xtash Suyarov uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Ularga bazaviy hisoblash miqdorining 6 va 5 baravari miqdorida pul mukofoti, esdalik sovg‘alari topshirildi.


– 70 bilan yuzlashib, hayotning past-balandini ko‘rdik, – deydi Safarboy Aliboyev. – Bugun nuroniylarga yoshlarning ta’lim-tarbiyasi ishonib topshirilyapti. Ko‘ryapmizki, hayotda orttirgan tajribamizni yoshlarga o‘rgatish o‘z natijasini beryapti. Bugungi tanlov ham biz nuroniylar uchun o‘zaro tajriba almashish, yoshlar tarbiyasida nimalarga e’tibor qaratishimiz zarurligini maslahatlashib olish uchun qulay imkoniyat bo‘ldi.
G‘. Hasanov, O‘zA muxbiri