“bugungi o‘quvchilarni ko‘rib ko‘zim quvnaydi”
“Urush — vayronagarchiliklar, jarohatlar, millionlab qurbonlar, och-nahor bolalar... U kunlar faqatgina xotiralarda, tarixda qolgani rost bo‘lsin. Bolalarimiz hech qachon urush ko‘rmasin!”
Payariq tumanining “Zarafshon” mahallasi Rivoch qishlog‘ida istiqomat qilayotgan Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Mahmadali Siddiqov xotiralarini ushbu so‘zlar bilan boshlaydi. Fashizmga qarshi kurashda jon olib, jon bergan yurtdoshlarimiz safida mardonavor jang qilib, yorug‘ yuz bilan Vataniga qaytgan Mahmadali bobo urushdan keyingi hayotini ta’lim-tarbiyaga bag‘ishladi.
[gallery-6986]
– Urushdan oldin pedagogika texnikumida o‘qirdim, - deydi Mahmadali bobo. – Urushdan qaytgach ham maqsad o‘zgarmadi, kimyo mutaxassisligi bo‘yicha oliy ma’lumot olib, o‘z hududimizdagi sobiq 34-, hozirgi 88-maktabda 40 yil yoshlarga ta’lim-tarbiya berdim. Bu vaqt oralig‘ida ta’lim muassasaga rahbarlik qildim. Hozirgi o‘quvchi yoshlarni ko‘rib ko‘zim quvnaydi. Zamonaviy maktablarda bilim olish qanday baxt. Biz imkoniyatdan kelib chiqib tashkil qilingan maktablarda o‘qiganmiz, ta’lim-tarbiya berganmiz. bugungi o‘quvchilarda hamma imkoniyat bor, faqatgina o‘qish, o‘rganish kerak. Bilimli, aqlli yoshlar ko‘paysa, yurtimiz yanada yuksaladi, dunyo bilan bemalol bo‘ylashadi. Ilohim, mana shunday farovon kunlarimiz bardavom bo‘lsin!
Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan Mahmadali boboning xonadoniga Samarqand viloyati davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i Aloviddin Inog‘omov, Payariq tumani hokimi Zafar Ergashev, Markaziy harbiy okrug qo‘mondonligi mas’ullari va jamoatchilik vakillari borib, otaxonni bayram bilan tabrikladi. Urush qatnashchisiga Prezidentimizning bayram tabrigi, esdalik sovg‘alari hamda pul mukofotlari tantanali topshirildi.
Mahmadali Siddiqov urush azob-uqubatlari, bugungi tinch-totuv hayot qadri haqida so‘zlab, yurtimiz tinchligi, obodligi bardavom bo‘lishini tilab duoga qo‘l ochdi.
G‘.HASANOV, A.ISROILOV (surat), O‘zA