Bugungi bolalar qanday kitoblarni o‘qishi kerak?
Farzandingiz kitob o‘qishga qiziqadimi yoki yo‘q? Ko‘pchilik ota-onalarni aynan shu savol o‘ylantiradi.
Qiziqmasligining asosiy sabablaridan biri ko‘pincha noto‘g‘ri tanlangan kitob. Chunki har qaysi kitob har qanday yosh uchun mos kelavermaydi. Kitob — bu insonning eng yaqin do‘sti aslida. Lekin bu do‘stni, ya’ni kitoblarni ham to‘g‘ri tanlash kerak. Aks holda bola kitobdan uzoqlashib ketadi.
Bolalarda fikrlash qachon boshlanadi?
Ko‘pchilik o‘ylaydi: bola faqat maktabga borgandan keyin fikrlay boshlaydi. Lekin aslida bu noto‘g‘ri. Shveysar psixologi Jean Piaget bolalar bo‘yicha o‘tkazgan tadqiqotlariga ko‘ra, bola tug‘ilgan zahoti fikrlash jarayoni boshlanadi, degan xulosaga kelgan.
U quyidagi bosqichlarda rivojlanadi: 0–2 yoshda (sensor-motor bosqich) — bola ushlab ko‘rish, eshitish orqali sezgi organlari dunyoni anglaydi.
2–7 yosh orasida — ularning tasavvuri kuchaya boshlaydi va bola ertaklarga ishonadi. 7–11 yoshda — bolaning savollari ko‘payadi, “nega?”, “nima uchun?” kabi savollarni ko‘p beradi.
11 yoshdan keyin (konkret operatsiyalar bosqichi) — bolada chuqur o‘ylash va har bir vaziyatni tahlil qilish qobiliyati kengaya boshlaydi, murakkab fikrlarni ham tushuna oladi.
Qaysi yoshda qanday kitob o‘qilishi kerak? Endi eng muhim savolga kelsak: 0–3 yosh rasmlarga boy, rangli va qisqa matnli sahifali kitoblar bu yoshdagi bolaning sog‘lom biologik darajasiga juda mos keladi va unda ko‘rish orqali his qilish osonlashadi.
3–6 yosh – bu davrda ertaklar va qahramonli hikoyalarni ota-onalar ko‘proq mutolaa qilib berishlari juda muhim. Sababi, bolaning tasavvuri kuchli bo‘ladi va u atrofdagi har qanday voqeaga diqqat bilan qaraydi. 7–10 yoshda sarguzashtli kitoblarni o‘qib boshlashi eng to‘g‘ri usullardan biri. Chunki bu kabi kitob voqealari qiziqarli bo‘ladi, natijada bola o‘z xohishi bilan mutolaaga sho‘ng‘iydi.
10–14 yosh – ilmiy-ommabop, detektiv va mantiqiy asarlar juda qo‘l keladi. Shubhasiz, bola bu kitoblar orqali fikrlashni o‘rganadi. 14 yoshdan keyin klassik adabiyot, psixologiya va hayotiy kitoblarni tushunishni, farqlay olishni biladi va bola o‘zini tushunishni boshlaydi.
Nima uchun to‘g‘ri kitob tanlash muhim? Bu juda oddiy, lekin muhim haqiqat. Agar kitob qiyin bo‘lsa, bola tushunmaydi. Agar zerikarli bo‘lsa, bola o‘qishni ham xohlamaydi. Biroq kitob bolaning yoshiga mos bo‘lsa, u kitobni sevib o‘qiydi.
To‘g‘ri kitob tanlash - fikrlashni ochadi, tasavvurni kengaytiradi, nutqni boyitadi, shaxs sifatida bolaga ishonch beradi. Eng muhimi, bola kitobni majburiyat emas, qiziqish sifatida qabul qiladi.
Bugungi kunda bolalarni hayratlantirish oson emas, chunki ular turli imkoniyatlar ichida ulg‘aymoqda. Lekin kitobning o‘ziga xos dunyosi bor — unda maqsad, fikr va hurmat mavjud. Shu sababdan ota-onalar farzandlari uchun kitob tanlashda befarq bo‘lmasliklari kerak. Bolani kitob o‘qishga majburlash shart emas. Shunchaki unga mos kitobni topib berish yetarli.
Mehribonu To‘lqinova,
O‘zA