Bugun Xalqaro Ona Yer kuni nishonlanmoqda
Mazkur sanani nishonlash Boliviya tashabbusi bilan 2009 yil 22 aprelda Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) Bosh Assambleyasining 63-sessiyasida e’lon qilingan. Unga BMTga a’zo 50 dan ortiq davlatlar o‘z rezolyutsiyasi bilan qo‘shildi.
Xalqaro Ona Yer kunini e’lon qilish to‘g‘risidagi rezolyutsiyada Yer va uning ekotizimlari bizning uyimiz ekani, hozirgi va kelajak avlodlarning iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik ehtiyojlari o‘rtasida adolatli muvozanatga erishish uchun tabiat bilan uyg‘unlikni targ‘ib qilish zarurligi ta’kidlangan.
“Ona Yer” atamasi bir qator mamlakatlar va mintaqalarda Yer sayyorasining umumiy nomidir. U inson, boshqa tirik mavjudotlar va sayyora o‘rtasida mavjud bo‘lgan o‘zaro bog‘liqlikni aks ettiradi.
Ona Yer kunini nishonlash an’anasi AQSHda atrof-muhit faoli senator Geylord Nelson tashabbusi bilan boshlangan. O‘shanda u yirik neft to‘kilishiga guvoh bo‘lgandi. Senator ekologik vaziyatga befarq bo‘lmagan tashabbuskor guruh tuzishga qaror qildi va keyinchalik ushbu sana bayram sifatida nishonlanadigan bo‘ldi.
Ona Yer kuni birinchi marta 1970 yil 22 aprelda nishonlangan. Shu kuni neft to‘kilishi, havo va daryolarning ifloslanishidan g‘azablangan 20 milliondan ortiq amerikalik ekologik inqirozga qarshi norozilik bildirish uchun ko‘chalarga chiqdi. Mazkur namoyishning rezonansi shu qadar katta ediki, bayramda AQSH senatorlari ham ishtirok etdi.
Shundan beri Qo‘shma Shtatlarda Ona Yer kuni har yili nishonlanib kelmoqda va mazkur aksiyaga boshqa mamlakatlar ham befarq qaramayotir.
Birinchi Yer kuni tashkilotchilari keyinchalik Yer kuni tarmog‘i (EARTHDAY.ORG) xalqaro nohukumat tashkilotiga asos solgan, hozirda u 190 dan ortiq mamlakatlardan 75 mingdan ortiq hamkorlar bilan ishlaydi. Yer kuni tarmog‘ining vazifasi butun dunyo bo‘ylab ekologik harakatni diversifikatsiya qilish, o‘qitish va faollashtirishdir.
Har yili bir milliarddan ortiq odam Ona Yer kuniga bag‘ishlangan aksiyalarda ishtirok etadi. Ilmiy anjumanlar, ko‘rgazmalar o‘tkazilib, hududni tozalash, ko‘chatlar ekish ishlari olib boriladi.
Xalqaro Ona Yer kuni odamlarga sayyorani qutqarish uchun insoniyat oldida turgan qiyin vazifalar haqida bilish imkoniyatini beradi.
Yer odamlarni harakatga chorlaydi
Darhaqiqat, ekologik muammolar tufayli Ona sayyoramiz tabiati qattiq azoblanmoqda. Plastmassa idishlarning suvga tashlanishi natijasida okeanning kislotalanishi sodir bo‘lmoqda. Haroratning haddan ortiq isib ketishi, o‘rmon yong‘inlari va suv toshqinlari hamda rekord darajadagi Atlantika bo‘ronlarini keltirib chiqarmoqda. Bularning barchasi millionlab odamlar hayotiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Iqlim o‘zgarishi, tabiatning inson tomonidan o‘zgartirilishi va bioxilma-xillikni buzuvchi nomaqbul amaliyotlar, masalan, o‘rmonlarni kesish, yerdan foydalanish qoidalarini buzish, intensiv dehqonchilik va chorvachilik, brakonerlik sayyoramizning yo‘q qilinishini tezlashtirmoqda.
Xalqaro Ona Yer kunida insoniyat dunyoga odamlar va sayyoramiz manfaati uchun ishlaydigan yanada barqaror iqtisodiyot kerakligini anglashi kerak.
Bu yil mazkur sanaga bog‘ishlab o‘tkaziladigan mavzu “Sayyoramizga investitsiya” bo‘lib, 2022 yilgi kampaniyaning davomi hisoblanadi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti rahbari Antoniu Guterrishning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda Yer uch tomonlama sayyoraviy inqirozni boshdan kechirmoqda. Bular: iqlimning beqarorlashishi, atrof-muhitga zarar yetkazilishi va biologik xilma-xillikning yo‘qolishi, ifloslanish va chiqindilar muammosi. Ushbu uch tomonlama inqiroz butun dunyodagi millionlab odamlarning farovonligi va omon qolishiga tahdid solmoqda. Shu bois BMT Bosh kotibi jahon hamjamiyatini har doim sayyoramizni tiklash va tabiat bilan murosa qilish uchun barcha sa’y-harakatlarni amalga oshirish majburiyatini olishga chaqirib keladi. Qolaversa, odamlarning o‘zlari ham sayyoramizda salbiy o‘zgarishlar tezlashayotganiga guvoh bo‘lmoqda. Bularning barchasi har birimizni xavotirga solishi, tabiatga mehr bilan munosabatda bo‘lishga undashi kerak.
S.Rahimov, O‘zA