Bugun tug‘ilgan kun – Sherzodxon Qudratxo‘ja
Xalqaro Press Klub raisi, O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori Sherzodxon Qudratxo‘ja 1974 yil 26 mayda tug‘ilgan.
Sherzodxon Qudratxo‘ja 2018 yilning 26 mayda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori etib tayinlandi. Shuningdek, Sherzodxon Qudratxo‘ja Xalqaro Press Klub raisi sifatida faoliyat yuritib keladi.
Sherzodxon Qudratxo‘ja jurnalistika va politologiya sohasida ham ko‘p yillik tajribaga ega. U 2008 yildan 2017 yilga qadar Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti Jurnalistika fakultetining “Internet jurnalistika nazariyasi va amaliyoti” kafedrasi mudiri bo‘lib ishlagan. Bu paytga qadar (2005 yildan 2008 yilgacha) u O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining matbuot kotibi, 2000 yildan 2005 yilga qadar esa O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti matbuot xizmatining bosh maslahatchisi lavozimlarini egallab kelgan. Shu vaqt oralig‘ida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy Saylov Komissiyasi matbuot markazi rahbari (2004-2005), avvalroq, 1998-2000 yillarda ham aynan shu lavozimda faoliyat olib borgan.
Faoliyat yillari davomida Sherzodxon Qudratxo‘ja 1998 yilning avgustidan noyabriga qadar u “TV-4” xalqaro telekanalining direktori lavozimida ishlagan. 1996-1998 yillarda “Axborot” informatsion dasturlar muharririyati muxbiri, 1994-1996 yillarda “O‘zbekiston” telekanalining muharriri va tarjimoni sifatida faoliyat olib borgan.
“Internet: tarixi, tuzilishi, texnik xavfsizlik”, “NATO: kecha va bugun”, “O‘zbekiston – Yaponiya: O‘zbek diplomatiyasining yangi bosqichi”, “O‘zbekistonda demokratik jamiyat qurish nazariyasi va amaliyoti” o‘quv qo‘llanmalari nashr etilgan.
Sherzodxon Qudratxo‘ja 2019 yilda “Oltin qalam” Milliy mukofotining jurnalistika sohasida Bosh Milliy mukofoti sovrindori bo‘lgan.
* * *
PS: Saytimizda tashkil etilgan “Bugun tug‘ilgan kun” loyihasida turli sohalarda mamlakatimiz ravnaqiga o‘z hissasini qo‘shayotgan insonlar, davlat va jamoat arboblari, akademiklar, el sevgan ijodkorlar hamda kasbi, tanlagan yo‘lida yuqori natijalarga erishayotgan vatandoshlarimizning tug‘ilgan kunlari esga olinadi.
Mazkur ruknga oid fikr-mulohazalaringiz, taklif yoki qo‘shimchalaringiz bo‘lsa, quyidagi manzillarga murojaat qilishingiz mumkin.
Telegram: @UzA_pochta, @Ikrom_Avvalboyev
E-mail: pochta@uza.uz, uzauz@yandex.ru
Telefon: (71) 233-42-84, (71) 233-21-37
Saytimizni kuzatib boring!