Bugun – talaba, ertaga – yurt kelajagi: O‘zMU yangi avlodni kutib oldi
Talabalik — yosh inson hayotidagi eng muhim va unutilmas bosqichlardan biridir.
Bu davr nafaqat yangi bilim va kasb egallash, balki mustaqil fikrlash, o‘z salohiyatini namoyon etish hamda kelajak sari dadil qadam qo‘yish davridir. Ayniqsa, mamlakatimizdagi eng nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan biri — O‘zbekiston Milliy universiteti talabasi bo‘lish yoshlar zimmasiga alohida mas’uliyat yuklaydi.

Bugun O‘zbekiston Milliy universitetida O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan, shuningdek, 2026/2027-o‘quv yilida universitetga qabul qilingan birinchi bosqich talabalarini tantanali kutib olish maqsadida “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” shiori ostida bayram tadbiri tashkil etildi.

Tadbirda universitet rahbariyati, taniqli olimlar va akademiklar, ilm-fan hamda adabiyot namoyandalari, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi vakillari, professor-o‘qituvchilar, talabalar, ularning ota-onalari va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
O‘zbekiston Milliy universiteti rektori Inom Majidov yig‘ilganlarni Mustaqilligimizning 35 yilligi bilan samimiy tabriklab, universitetning yangi a’zolari — birinchi bosqichga qabul qilingan yoshlarni talabalik maqomi bilan qutladi.
N.Rahmonova, O‘zA