Bugun tadbirkorlarda kechagi qo‘rquv yo‘q
Davlatimiz tomonidan tadbirkorlikni rivojlantirish borasida amalga oshirilgan ishlar, yaratilgan shart-sharoitlar, imkoniyat va kafolatlar, imtiyoz, huquq va erkinliklarni avvallari tasavvur etish mushkul edi.

Avvalo, bugun tadbirkorlarda kechagi qo‘rquv yo‘qoldi. Tadbirkorlarimizning birgina qo‘shnilarimiz Qirg‘iziston va Tojikiston respublikasiga qilayotgan eksport mahsulotlarining xajmi va assortimenti kamida ikki barobarga ortdi. Bog‘dorchilik va poliz mahsulotlari eksporti salmog‘i bir milliard AQSH dollariga yetdi.
Demakki, davlat tadbirkorga madadkor bo‘lib, unga barcha shart-sharoitni ta’minlab berish borasida o‘z vazifasini to‘la ado etib, tizimli islohotlarni amalga oshirmoqda. Shu yo‘nalishni baholovchi xalqaro tashkilotlar reytingida O‘zbekiston eng ilg‘or davlatlar qatoriga kirdi.
Bilamizki, tadbirkor tadbirkorlik faoliyatini qonunchilikka muvofiq amalga oshiradigan, o‘zi tavakkal qilib va o‘z mulkiy javobgarligi ostida daromad olish uchun ishlayotgan tashabbuskor, ishbilarmon shaxsdir. U soliq to‘laydi, ish o‘rin yaratadi, mahsulot ishlab chiqaradi, homiylik qiladi va boshqa ijtimoiy mas’uliyatlarni o‘z gardaniga oladi.
Tadbirkor nafaqat mamlakatning iqtisodiy rivojlanishini ta’minlaydi, balki davlat va jamiyat o‘rtasida vositachi rolini o‘ynaydi. Demak, ijtimoiy rivojlanish uchun ham mas’uliyatni oladi.
Illo, bugungi tadbirkor va tadbirkorlik innovatsion jarayon bo‘lib, uning pirovard maqsadi – talabning ortib borishi va shaxsning yoki jamiyatning o‘zgarib turadigan, doim ortib boradigan ehtiyojlarini qondirish bilan bog‘liq qayta yaratishning uzluksiz jarayonidir.
Tadbirkor ayni shu jarayonlarda huquqiy munosabatlarga kirishar ekan, albatta, sud eshigini qoqadi. Uni ostonada sudya-qozi kutib oladi...
Shu o‘rinda, misollarga e’tibor qaratsak, iqtisodiy sudlar tomonidan 2022 yilda 55 882 ta iqtisodiy nizolar doirasida tadbirkorlar manfaatiga 4,5 trillion so‘mdan ziyod, 2023 yilning o‘tgan 9 oyida esa, 4,8 trillion so‘mdan ziyod mablag‘ undirib berilgan.
Ushbu nizolarning salmoqli qismi shartnomaviy munosabatlarning buzilganidan kelib chiqqan. Bu esa, tadbirkorga halollik doim do‘st bo‘lmaganini, ba’zan tadbirkor ham g‘irrom bilan oshno bo‘lganini anglatadi.
Ayni shunday jarayonlarda sud hokimiyatida qozining oqilligi namoyon bo‘ladi. Misol uchun, davlat boji to‘lovini kechiktirib turib, pirovardida tadbirkorning huquqini himoya qilishga erishgan qozi tadbirkorni ham, jamiyatni ham rozi qiladi. Davlat bojini to‘lab keling, bo‘lmasa ishni ko‘ra olmaymiz menga gap tegadi degan qozi esa, o‘zini ehtiyot qilishi mumkindir. Lekin jamiyatga kutilgan nafni keltira olmaydi. Ya’ni, adolatga xizmat qila olmaydi.
Shuningdek, kredit qarzdorligi masalasida javobgar tadbirkor bilan kredit muassasasi o‘rtasidagi nizoni yarashtiruv, murosa yo‘li bilan hal eta olgan qozining jamiyatga nafi va adolatga xizmatini ham yuqoridagi kabi izohlash mumkin.
Xulosa qilib aytganda, tadbirkor o‘z faoliyatini insof bilan, boshqa tadbirkorning huquq va qonuniy manfaatlarini hisobga olgan holda, halollik va hurmat, xulq-atvor qoidalariga rioya qilgan holda amalga oshirishi lozim.
Oqil qozi esa, bir tadbirkorning tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish chog‘ida boshqa tomonning qonuniy manfaatlariga beparvolik bilan yoki aldash yoxud huquqni suiiste’mol qilish yo‘li bilan yo adashtirish bilan ifodalangan insofsiz xatti-harakatini aniqlab, o‘z majburiyatlarini buzgan tomon aybdorligining isboti sifatida halollik buzilganini baholashi maqsadga muvofiqdir.
Nuriddin Murotov,
Sariosiyo tumanlararo iqtisodiy sudi raisi.