Bugun superligada 2-tur oʻyinlari boshlanadi
FIFA kunlari munosabati bilan Oʻzbekiston superligasida jamoalar qisqa muddatli taʼtilga chiqqan edi.
FIFA kunlari munosabati bilan Oʻzbekiston superligasida jamoalar qisqa muddatli taʼtilga chiqqan edi.
Bugun mamlakatimizning ikki stadionida joriy yilgi superliga bahslarining 2-tur oʻyinlariga start beriladi. Jumladan, Navoiyda “Qizilqum” futbolchilari Olmaliqning AGMK jamoasi bilan kuch sinashadi. Bekobodda esa “Metallurg” jamoasi Baxtiyor Ashurmatov boshqaruvidagi “Buxoro”ni qabul qiladi.
Turning markaziy oʻyinlari esa erta va indinga belgilangan. 30 mart kuni amaldagi Oʻzbekiston chempioni “Lokomotiv” jamoasi futbolchilari Namanganning “Navbahor” klubiga qarshi maydonga tushadi. 1-turda temiryoʻlchilar prinsipial raqibi “Paxtakor”ga yutqazib qoʻygach, endi “lochinlar”ga qarshi yaralangan sher misoli harakat qilishi tabiiy.
Mart oyining soʻnggi kunida muxlislar biryoʻla ikkita derbiga guvoh boʻladi. Chunonchi, Toshkentda muxlislar “Paxtakor” va “Bunyodkor” qarama-qarshiligidan zavq olishsa, Fargʻona shahridagi “Istiqlol” stadionida “Qoʻqon-1912” jamoasi futbolchilari “Andijon”ni qabul qiladi. Xullas, yaqin uch kun mobaynida muxlislarni bir-biridan qiziqarli oʻyinlar kutib turibdi.
Oʻzbekiston superligasi. 2-tur
29 mart, juma
18:15. “Qizilqum” – AGMK
20:15. “Metallurg” – “Buxoro”
30 mart, shanba
16:15. “Surxon” – “Dinamo”
19:00. “Lokomotiv” – “Navbahor”
31 mart, yakshanba
17:00. “Bunyodkor” – “Paxtakor” (uchrashuv “Paxtakor” stadionida oʻtkaziladi)
19:15. “Qoʻqon-1912” – “Andijon”
19:15. “Nasaf” – “Soʻgʻdiyona”
Eslatib oʻtamiz, 1-tur oʻyinlaridan keyin “Paxtakor” va “Soʻgʻdiyona” klublari 3tadan ochko jamgʻargan holda turnir jadvalida yetakchilik qilishmoqda.