Bugun qo‘yilayotgan tamal toshi ertangi farovonlik uchun mustahkam poydevordir
Prezidentimizning Toshkent viloyatiga tashrifi mamlakat taraqqiyotining bugungi bosqichida alohida ahamiyatga ega bo‘lgan strategik voqealardan biri sifatida e’tiborga molik. Davlat rahbari ishtirokida transport infratuzilmasi, raqamli iqtisodiyot, innovatsiyalar va sanoat sohalarida qator yirik loyihalarga start berilgani Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar izchil va aniq maqsadlarga qaratilganini yana bir bor tasdiqladi.
Eng avvalo, Toshkent – Samarqand pullik muqobil avtomagistrali qurilishiga tamal toshi qo‘yilgani mamlakat transport tizimida yangi davrni boshlab bermoqda. Qiymati qariyb 2,2 milliard dollar bo‘lgan mazkur yirik loyiha nafaqat ikki shaharni tezkor bog‘lash, balki iqtisodiy faollikni oshirish, logistika xarajatlarini qisqartirish va hududlarning investitsiyaviy jozibadorligini kuchaytirishga xizmat qiladi.
Bugungi kunda jahonshumul iqtisodiyotda raqobat ko‘p jihatdan transport va logistika samaradorligi bilan belgilanadi. Shu nuqtai nazardan, yangi avtomagistral mamlakatning xalqaro transport yo‘laklaridagi o‘rnini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi. Ayniqsa, “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” hamda Transafg‘on temir yo‘llari bilan uyg‘unlikda mazkur zamonaviy yo‘l O‘zbekistonning mintaqaviy logistika markaziga aylanishida muhim omil bo‘lishi kutilmoqda.

Tashrif davomida Nurafshon shahrida “Kelajak texnologiyalari markazi”ga asos solingani ham ramziy va amaliy ahamiyatga ega. Bugun dunyoda iqtisodiy ustunlik tabiiy boyliklar emas, balki bilim, innovatsiya va sun’iy intellekt imkoniyatlari bilan belgilanmoqda. Shu ma’noda, ta’lim, ilm-fan va yuqori texnologiyali ishlab chiqarishni birlashtiruvchi mazkur markaz mamlakatning raqamli taraqqiyoti uchun muhim intellektual maydonga aylanishi tayin.
Toshkent viloyatida Xitoy, Rossiya va Germaniya kompaniyalari ishtirokida yangi sanoat quvvatlariga start berilgani ham xorijiy sarmoyalar oqimi izchil davom etayotganini ko‘rsatadi. Bu esa yangi ish o‘rinlari, yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish va aholi farovonligini oshirishga xizmat qiladi.
E’tiborli jihati shundaki, tashrif doirasida boshlangan barcha loyihalar yagona maqsad — mamlakat iqtisodiyotining barqaror o‘sishini ta’minlash, inson kapitali salohiyatini yuksaltirish va Yangi O‘zbekistonning raqobatbardosh iqtisodiyotini barpo etishga xizmat qiladi.
Xulosa qilib aytganda, Toshkent viloyatida boshlangan yangi loyihalar faqat yirik qurilishlar yoki sarmoya tashabbuslari emas, mamlakatning transport, texnologiya va innovatsiyalar sohasidagi uzoq muddatli taraqqiyot strategiyasining amaliy ifodasidir. Zero, bugun qo‘yilayotgan har bir tamal toshi, avvalo, O‘zbekistonning ertangi iqtisodiy qudrati, xalqaro raqobatbardoshligi va xalq farovonligi uchun mustahkam poydevor vazifasini bajaradi.
Manzura Rustamova,
Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi
Toshkent viloyati hududiy bo‘linmasi mutaxassisi,
O‘zA.