Bugun mamlakatimizda sport oyligiga start beriladi
Aprel oyi koʻplab sport turlari boʻyicha qitʼa va jahon chempionatlariga boy boʻldi.
Aprel oyi koʻplab sport turlari boʻyicha qitʼa va jahon chempionatlariga boy boʻldi. Ularda munosib ishtirok etgan sportchilarimiz koʻp sonli muxlislari ishonchini oqladi.
Shu oʻrinda taʼkidlash joiz, atletlarimiz erishgan yutuqlarni koʻrib yosh avlod qalbida sportga mehr uygʻonadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan ilgari surilgan 5ta tashabbusning ikkinchisida mamlakatimiz yoshlari orasida jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, ommaviy sportni targʻib qilish masalasiga alohida urgʻu qaratilgan.

Shu maqsadda Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi may oyini mamlakatimizda “sport oyligi”, deb nomlash tashabbusi bilan chiqdi. Mazkur oylik 1 maydan 31 mayga qadar davom etib, u respublikamizning barcha viloyatlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi hamda Toshkent shahrini qamrab oladi.
Mazkur oylik boshlanishi oldidan MOQda koʻplab soha mutasaddilari bilan uchrashuv tashkil etildi. Unda MOQ bosh kotibi Jasur Matchanov boʻlajak sport oyligining ahamiyatiga toʻxtalib oʻtdi.
“Avvalo, bunday oylikni tashkil qilishdan maqsad aholi oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish va sportni ularning qalbiga singdirish. Qolaversa, bu juda katta loyiha boʻlib, u yurtimizning millionlab yoshlarini birlashtiradi. Biz asosan professional sport bilan ishlaymiz. Ammo shuni unutmaslik kerak, ommaviy sportni rivojlantirmasdan katta sportda natijaga erishib boʻlmaydi. Shu maʼnoda sport oyligi davomida bir nechta kerakli iqtidor egalarini saralab olish imkoniyati ham paydo boʻladi”, - dedi Jasur Matchanov.
Bugun “sport oyligi”ga start beriladi. Uning doirasida tashkilotchilar maktabgacha taʼlim muassasalaridan tortib oliy taʼlim tizimigacha boʻlgan boʻgʻinlarni qamrab olishni maqsad qilgan. Shu bois ishtirokchilarning imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda mashqlarni joriy etish yoʻlga qoʻyiladi. Katta yoshdagilar uchun basketbol, voleybol, mini-futbol va gandbol boʻyicha musobaqalar tashkil etiladi.
Sport oyligining ramziy ochilish marosimi bugun soat 11:00da Milliy Olimpiya qoʻmitasi binosi yonida boshlanadi. Unda sportimiz yulduzlari ham qatnashib, muxlislarga oʻz iqtidorlarini namoyish etadi.