Bugun – Jahon sunamidan xabardorlik kuni
2015 yil dekabr oyida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi 5 noyabrni “Jahon sunamidan xabardorlik kuni” sifatida e’lon qilish to‘g‘risidagi rezolyutsiyani qabul qildi. Shu tariqa barcha mamlakatlar, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar hamda fuqarolik jamiyati sunami xavfidan jamoatchilik xabardorligini oshirish, mavjud xavfni kamaytirish bo‘yicha faoliyatga doir ilg‘or tajribani o‘zaro almashishga chaqirildi.
Mazkur tashabbus tabiiy ofatdan erta ogohlantirish, ayni yo‘nalishdagi muammolarni bartaraf etish choralari, shuningdek ehtimoliy xavfni kamaytirish bo‘yicha boy tajriba to‘plagan Yaponiyaga tegishli. BMT Tabiiy ofat xavfini kamaytirish boshqarmasi boshqa tuzilmalar bilan birga shu kunni targ‘ib qilib kelmoqda.
Sunami kamdan-kam uchraydigan, ammo juda halokatli tabiiy hodisalardan biridir. Oxirgi 100 yil ichida 58 marta sunami ko‘tarilib, 260 000 kishining hayotiga zomin bo‘ldi. Bu har bir holatda o‘rtacha 4600 inson nobud bo‘lganini anglatadi. 2004 yil dekabr oyida Hind okeani uzra uchgan sunami eng ko‘p – 14 mamlakatda 227 000 odamning hayotiga nuqta qo‘ydi. Ayniqsa, Indoneziya, Shri-Lanka, Hindiston va Tailand aholisi mislsiz jabr ko‘rdi. Uch hafta o‘tgach, xalqaro hamjamiyat vakillari Yaponiyaning Xiogo prefekturasi Kobe shahrida to‘planib, 2005-2015 yillarga mo‘ljallangan “Harakatlar asosi”ni qabul qildi. Xavfni kamaytirishga oid mazkur ilk global kelishuv asosida sunamidan ogohlantirish markazlariga ma’lumotni yozib oladigan va jo‘natadigan bir necha seysmografik va dengiz stansiyasidan iborat Hind okeanida sunamidan ogohlantirish tizimi yaratildi.

Sunamiga moyil hududlarda turizm rivojlanishi ko‘plab insonlar hayotini xavf ostiga qo‘yadi. Shu ma’noda xatarni cheklash tabiiy hodisa ta’siridagi o‘lim holatini kamaytirishga qaratilgan sa’y-harakatning ustuvor yo‘nalishiga aylanmoqda.
Sunami atamasi yaponcha su – port va nami – to‘lqin so‘zlaridan kelib chiqqan bo‘lib, dengiz suvining nisbatan qisqa muddatli, ammo keng ko‘lamli buzilishi natijasida hosil bo‘lgan davomli dengiz tortishish to‘lqini hodisasini anglatadi.
Aksar hollarda sunami zilziladan so‘ng yuzaga keladi.
Bu yilgi Jahon sunamidan xabardorlik kuni “Tabiiy ofatga chidamli kelajak uchun tengsizlikka qarshi kurash” shiori ostida o‘tyapti. Bu sana ayni yo‘nalishdagi xavfni kamaytirish uchun global hamkorlik zarurligini eslatib turadi.
Keyingi yillarda xalqaro jamoatchilik nazdida sunami va tengsizlik o‘rtasidagi munosabat mavzusi ham dolzarb ahamiyat kasb eta boshladi. Bu jarayonda sayyoramizdagi mavjud tengsizlik tufayli sunami insoniyatning muayyan guruhlari uchun ulkan xavf tug‘dirishi, natijada zaif qatlam yanada qashshoqlashishi va oqibat – tengsizlik yanada kuchayishi muammosi yuzaga chiqadi.
Muharrama Pirmatova, O‘zA