Bugun dunyo musiqa va san’ati ixlosmandlarining e’tibori Registon maydonida bo‘ladi
Samarqand shahridagi Registon maydoni – hamisha sayyohlar bilan gavjum ertaknamo maskan.
Ulug‘bek, Tillakori, Sherdor madrasalaridan tashkil topgan bu me’moriy majmua – katta sahna maydoniga o‘xshaydi. U shu kunlarda har qachongidan o‘zgacha. Bugun va tarixni uyg‘unlashtirgan sehrli joy «Sharq taronalari» XIII xalqaro musiqa festivali sabab dunyo san’at ixlosmandlarini chorlamoqda. Odamlarni yaxshilikka undamoqda.

Bugun bu joy tarixi haqida ba’zi ma’lumotlarni keltirishni joiz topdik.
O‘rta Osiyo shaharsozlik san’atining o‘ziga xos betakror namunalaridan biri bo‘lgan Registon o‘z davrida asosiy savdo nuqtasi hisoblangan. Keyinchalik rasmiy marosimlar o‘tkaziladigan muhim maydonga aylangan.
Shuningdek, bu yer ilm-fan, madaniyat va siyosat markazi bo‘lgan. Unda ko‘plab ta’lim dargohlari faoliyat olib borgan.

– Registon maydonini nafaqat Samarqandning balki Markaziy Osiyoning tashrif qog‘ozi deyish mumkin, – deydi Sloveniya Respublikasidan kelgan sayyoh Tamara Felikiyan. – Uch kundan buyon qadim kentda mehmonman. «Sharq taronalari» xalqaro musiqa festivalining tayyorgarlik jarayonlariga guvoh bo‘ldim. Hayratdaman! Ochilish marosimi, undan keyingi tadbirlar qay darajada yuqori saviyada o‘tishini tasavvur qilyapman. Hammasi ajoyib, Registonning mahobatiga har tomonlama mos bo‘lishiga ishonaman. Bu ochiq osmon ostidagi katta maydon tomoshabinlar uchun ham, sahnadagi ijodkorlar juda qulay. Bu yerda kuylashni, o‘z san’atini namoyish qilishni san’atkorlar orzu qiladi. Shu kunlarda muhtasham maydon turli xalqlar va madaniyatlarning uchrashuv nuqtasiga, do‘stlik, mehr-muhabbat va tinchlik mavzulari baland pardalarda kuylanadigan joyga aylanadi. Tadbirning bu joyda o‘tkazilishi, maydonning tarixiy, madaniy va estetik ahamiyatini yanada oshiradi.
Ikrom AVVALBOEV,
Alisher ISROILOV(surat),
O‘zA