Bu yutuqlarga osongina erishilgani yo‘q...
Amalga oshirilayotgan ishlarning ko‘lami uning natijadorligi, qamrov darajasiga qarab baholanadi.
Bu holatda avvalgi va hozirgi kun bilan natijalarni taqqoslash orqali yana ham aniqroq manzara hosil qilish mumkin. O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari Azimjon Nazarov bilan suhbatimiz sohada amalga oshirilayotgan ishlar, muammolar va rejalarga bag‘ishlandi.
– So‘nggi yillarda qishloq xo‘jaligi yerlarining unumdorligini oshirish borasida qanday ishlar amalga oshirilmoqda?
– 2021 yil bobodehqonlarimizning mashaqqatli mehnatlari evaziga respublikamiz bo‘yicha 20 million tonnadan ortiq meva-sabzavot, 7,4 million tonnaga yaqin don, 3,4 million tonnadan ziyod paxta xomashyosi yetishtirildi. Bu yutuqlarga osongina erishilgani yo‘q, albatta. Suv resurslari har yilgidan 25-30 foizga tanqis bo‘lishiga qaramasdan suvchilarimizning mashaqqatli mehnatlari evaziga yil davomida 44 milliard. m3, sug‘orish mavsumida 32,6 milliard.m3 suv yetkazib berildi.
Suv resurslarini samarali boshqarish, suvni tejaydigan va raqamli texnologiyalarni joriy qilish, irrigatsiya-melioratsiya ishlari, yerlarni lazerli tekislash, agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida o‘tkazish hisobidan yil davomida 10 milliard. m3, shu jumladan, sug‘orish mavsumida 8 milliard. m3 suv iqtisod qilindi. Ma’lumki, O‘zbekiston Markaziy Osiyo mintaqasida irrigatsiya tarmog‘i eng rivojlangan va yirik suv xo‘jaligi infrastrukturasiga ega davlat hisoblanadi. Mamlakatimizdagi mavjud 4,3 million gektar sug‘oriladigan ekin maydonlari va iqtisodiyotning boshqa tarmoqlarini suv bilan barqaror ta’minlashda jami 28 ming 570,0 km. uzunlikdagi irrigatsiya tarmoqlari, 38 ming 781 ta gidrotexnika inshooti, 19 ming 752 ta gidropost xizmat qiladi.
O‘tgan 2021 yilda suv xo‘jaligi ekspluatatsiya tashkilotlariga mahalliy byudjetdan yo‘naltirilgan 29 ming 800 million so‘m mablag‘ hisobidan 5459,0 km. xo‘jaliklararo sug‘orish tarmoqlari (kanallar) tozalandi. Suv iste’molchilari uyushmalari va fermer xo‘jaliklari hisobidagi ichki ariqlarning 17 ming 342,0 km. qismi mashina-mexanizmlar, 68,0 ming km. qismi qo‘l kuchi yordamida tozalandi. 2021-2022 yillar kuzgi-qishki mavsumda belgilangan chora-tadbirlar doirasida 4 ming 702,0 km. irrigatsiya tarmoqlari tozalandi. Joriy yilda 1,5 milliard. m3 hajmda suv tejalib, irrigatsiya tizimi va sug‘orish tarmoqlarining foydali ish koeffitsiyenti 2020 yilga nisbatan 1 foiz oshirildi.
– Vazirlik tizimidagi nasos stansiyalarida energiya tejamkorligi ta’minoti qay darajada ta’minlanmoqda?
– bugungi kunda respublikamizda jami sug‘oriladigan maydonlar 4,3 milliondan oshiq gektarni tashkil etib, shundan 3 million gektarga yaqini (55 foizidan ortiq) vazirlik tasarrufidagi 1 ming 688 ta nasos stansiyasi, 5 ming 231 dona nasos agregati, 8 ming 85 dona sug‘orish va meliorativ quduqlari yordamida sug‘oriladi.
Elektr yoritishidagi energiya isroflari yoritish normalari, zamonaviy yorug‘lik manbalari, ulardan samarali foydalanish va kuchlanishni kerakli me’yorda saqlab turish bilan bog‘liqdir. Bu borada ham sohada salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. 2021 yilda jami 7 milliard 295 million. kVt. soat elektr energiyasi sarflandi. Oxirgi uch yillikda (2018-2020 yillar) o‘rtacha elektr energiyasi sarfi 7 milliard. 525 million kVt. soatni tashkil etgani hisobga olinganida, 230 million. kVt. soat elektr energiyasi tejaldi.
– Melioratsiya ob’ektlari bo‘yicha amalga oshirilayotgan loyihalar yuzasidan ma’lumot bersangiz?
– Yerlarning meliorativ holatini yaxshilash qishloq xo‘jaligi sohasidagi eng dolzarb masalalardan biridir. Negaki, fermer va dehqonlarning daromadi ko‘p jihatdan tuproq unumdorligi, ekinlar hosildorligi, demakki, aynan yerlarning meliorativ holatiga bog‘liq. Shuning uchun ham, yurtimizda yerlarning meliorativ holatini yaxshilash, sizot suvlari sathini pasaytirish, yerlarning sho‘rlanish darajasini kamaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar ko‘lami yil sayin kengaytirilmoqda.
2021 yilda melioratsiya ob’ektlari bo‘yicha 85 ta loyiha doirasida 299,1 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilib, 699,9 km. kollektor-drenaj tarmog‘i, 50 ta gidrotexnika inshooti, 17 ta drenaj qudug‘i hamda 10 ta ko‘prik qurildi va rekonstruksiya qilindi. Shuningdek, 220 ta melioratsiya loyihasi doirasida 365,2 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilib, 17,0 ming km.ga yaqin kollektor-drenaj tarmog‘i va 319 ta tik drenaj qudug‘i ta’mirlandi va tiklandi. Natijada 200,0 ming gektardan ortiq maydonning meliorativ holati tubdan yaxshilandi. Kuchli va o‘rta sho‘rlangan maydonlar 20,0 ming gektarga kamaydi. Sizot suvlari sathi 2 metrgacha bo‘lgan maydon 48,1 ming gektarga qisqardi. 16,1 ming gektar yerning meliorativ barqarorligi ta’minlandi. 100 ming gektarga yaqin yer maydoni qayta foydalanishga kiritildi.
Respublikamizdagi suv va sel-suv omborlardagi inshootlarni ta’mirlash uchun 9,4 milliard so‘m mablag‘ hisobiga ko‘pgina hududlarda pezometr, zatvor, gidropost, gidrotexnik inshoot, nazorat yo‘llari, kirish va chiqish kanallari hamda yoritish tizimlari ta’mirlandi. Shuningdek, 272 km. uzunlikdagi kanallar va dambalarni ta’mirlashga va tozalanish ishlariga 24,4 milliard so‘m miqdorida mablag‘ yo‘llangan.
– Bu yilgi rejalar xususida...
– Joriy yilda o‘z oldimizga 5264,0 km. uzunlikdagi kanallarni tozalash, ulardagi 4 ming 946 ta gidrotexnika inshooti va 5 ming 241 ta gidropostni ta’mirlashni rejalashtirganmiz. Natijada 795,9 ming gektar sug‘oriladigan ekin maydonlarining suv ta’minoti yaxshilanadi, irrigatsiya tizimi hamda sug‘orish tarmoqlarining foydali ish koeffitsiyenti 0,65 dan 0,69 gacha oshishi ta’minlanadi. Eng muhimi esa yillik elektr energiyasi sarfi 7 ming 300 million kVt. soatdan 7 ming 150 million kVt. soatga kamaytirilishi rejalashtirilgan.
Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, Rossiya Federatsiyasining Tashqi iqtisodiy banki bilan imzolangan umumiy miqdori 146 million yevro bo‘lgan qarz bitimiga ko‘ra «Buxoro, Navoiy, Qashqadaryo, Samarqand va Surxondaryo viloyatlarida 95 ta nasos stansiyasini modernizatsiya qilish» loyihasi amalga oshirilmoqda. Loyiha amalga oshiriladigan nasos stansiyalarida 455 ta agregat, elektr va yordamchi qurilmalar yangilanadi. Boshqaruv to‘liq avtomatlashtirilib, SCADA tizimi joriy qilinadi.
Shuningdek, joriy yilda suv va sel-suv omborlardagi inshootlarni ta’mirlash uchun mahalliy byudjetdan 32,2 milliard so‘m mablag‘lar ajratish va 432 ta pezometr, 86 ta zatvor, 118 ta gidropost, 39 ta gidrotexnik inshoot, 4 km. uzunlikdagi nazorat yo‘llari, 41 km. uzunlikdagi kirish va chiqish kanallari, 23 km uzunlikdagi kollektor-drenaj tarmoqlari hamda 2 ming 181 ta yoritish tizimlarini amalga oshirish rejalashtirilgan.
Mintaqamiz aholisi soni tobora ortib boryapti. Bu esa oziq-ovqat ekinlariga bo‘lgan ehtiyojning yanada oshishiga, o‘z navbatida, suvga talabning ortishiga olib keladi. Shuning uchun ham, mavjud suv resurslarini samarali boshqarish, oqilona foydalanish, resurs tejamkor sug‘orish usullarini keng tatbiq etish vazirligimiz oldida eng muhim va ustuvor vazifa bo‘lib turibdi.
Muhayyo Toshqorayeva suhbatlashdi, O‘zA