Bu yoʻllar gul bilan qoplangan emas
Gulchehra Qarshiboyeva Boyovut tumanida yashab, mehnat qilayotgan boshqa ayollardan koʻp ham farq qilmaydi.
Gulchehra Qarshiboyeva Boyovut tumanida yashab, mehnat qilayotgan boshqa ayollardan koʻp ham farq qilmaydi. Nomi mahalladan chiqmasligi ham mumkin edi. Agarda oilasi uchun, yurti uchun biror bir kattaroq yumush bajarish maqsadida yuz gektarda fermerlikni boshlamagan-da.
Mana oʻn toʻrt yildan buyon Gulchehra fermer nomini olib, paxta, gʻalla, soya, kartoshka kabi qishloq xoʻjaligi ekinlarini yetishtirib, yaxshigina daromad koʻrmoqda. Oilasiga ham, mahalla ahliga ham foydasi tegmoqda.
Axir, shuncha maydonda mehnat qilish uchun kamida qirqdan ortiq ishchi boʻlishi kerak. Ular yilning hamma faslida ish unumdorligini oshirish bilan shugʻullanmoqda. Aslida ham tuprogʻimizning har bir qarichi tilla, qunt qilgan odam har yili bir necha bor hosil olishi mumkin.
Fermer opa yerdan samarali foydalanish harakatida, almashlab ekishni yoʻlga qoʻygan. Misol uchun, hozir besh gektarda ekilgan koʻkatlar aprelda tayyor boʻladi va eksport qilinadi. Oʻtgan yili ham u yaxshigina foyda keltirgan edi. Boʻshagan yerga soya ekiladi. 120 kundan keyin yana hosil yigʻish boshlanadi.
– Soya yetishtirish oson ekan, bir vaqtlar uni ekishdan qoʻrqqan edik, – deydi G. Qarshiboyeva. – Keyinchalik mutaxassislardan parvarish sirini oʻrgandik.Endi besh gektardan 15 tonnagacha soya yigʻib olyapmiz. Bu eng yuqori hosildorlik hisoblanadi. Uni qayta ishlash korxonasiga toʻgʻridan-toʻgʻri yetkazib beramiz. Undan moy olish bilan birga doni tarkibida hayvon oqsilida uchraydigan barcha almashlab boʻlmaydigan aminokislotalar saqlanar ekan. Shuning uchun soya oqsilidan sut, qatiq, tvorog, pishloq, turli xil goʻshtlar, ekologik toza sifatli moy, tuxum poroshogi (tarkibida letsitin moddasi saqlaydigan) olish mumkin. Chorvachilikda soya mahsulotlari, eng sifatli va toʻyimli yem-xashak ozuqasi hisoblanadi. Moy zavodlarda moy ajratib olingandan soʻng qolgan shrot juda foydali boʻlib, joʻjalar uchun aminokislotalarga boy ozuqa boʻlib, tovuqchilik fermalarida tuxum soni ortadi.
Bu tajribalarni amalda sinab koʻrish istagida fermer opa xoʻjalikda goʻsht yoʻnalishida chorvachilikni rivojlantirish harakatida. Shuningdek, tuyaqush parvarishni ham boshlamoqchi. Shu niyatda Mehnatobod tumaniga borib, tuyaqush boqish bilan shugʻullanayotgan Shokirjondan bu boradagi sirlarni oʻrgandi. Baliqchilik va bogʻdorchilikni ham boshlashni niyat qilgan fermer “Agrobank”ning tuman filialidan 80 million soʻm miqdorida kredit oldi.
– Baxtni har kim oʻzicha tushunadi, – deydi Gulchehra opa. – Kimdir uni salomatlikda koʻrsa, boshqa birov yaxshi daromadda, deb biladi. Men esa eng katta baxt — qadr-qimmat, eʼtiborda, oila va jamiyatga kerakligimizda deb bilaman. Olti nafar qizimni turmushga uzatdim. Oʻgʻlim maktabda taʼlim oladi. Bir necha yil avval turmush oʻrtogʻim vafot etganda ishdan koʻnglim qoldi. Lekin, farzandlarim uchun, xoʻjalikda mehnat qilayotgan ishchilarning oilasi uchun oʻzimni qoʻlga oldim. Bugun esa “oltin fermer” boʻlib tanildik.
Opaning mehnatdan toliqqan chehrasiga quyosh nurlari chizgan suratlarga boqib, ishlash oson emasligini anglaganday boʻlamiz. Albatta, bir texnika, birda suv yana boshqa safar buxgalteriya masalasi, urugʻ topish, mahsulot uchun bozor topish maqsadida muzokaralar olib borish bu kabi masalalar bir ayolning horitishi bor gap. Oʻgʻlini yoniga kirishiga esa, hali yana oʻn yillar bor.
– Fermerlik oson emas, – deydi “Bolgʻali Qilich aka” koʻp tarmoqli fermer xoʻjaligi rahbari. – Hamshiralikni tashlab, turmush oʻrtogʻimning yonida ishlay boshlaganimda buni his qilgan edim. Hozir ham ming bir tashvishlar va tortishuvlar orasida mehnat qilib, hosil olmoqdamiz. Bu yoʻllarda gul bilan birga tikanga ham duch kelasiz. Zamonga moslashish, yangiliklarni oʻz vaqtida anglab yetish oson emas, albatta. Har qalay, zamondan ortda qolmayotgan boʻlsak kerakki, oʻtgan yili viloyatda oʻtkazilgan “Yil ayoli” koʻrik – tanlovida peshqadam boʻldik. Keyin “Ilgʻor fermer” mukofotiga sazovor boʻldik.
Ayol – buyuk zot, yaratganning moʻjizasidir. Shoir taʼbiri bilan aytganda, bir qoʻlida beshikni, bir qoʻlida dunyoni tebratadigan ayolga muhabbat tufayli hayotdagi barcha goʻzalliklar yuzaga kelgan. Xotin-qizlar qaysi sohada ishlamasin, xoh uy bekasi boʻlsin, farzand tarbiyachisi boʻlsin, ilmu hunari, nafis didi, mehru muhabbati, guldek qoʻllari bilan hayotning har bir kuniga yana-da chiroy bagʻishlaydilar.