Bu yilgi saylovda nechta byulleten beriladi? (+video)
Saylovga oid savolim bor
Ma’lumki, joriy yilda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari saylovi aralash saylov tizimi — proporsional va majoritar tizim asosida bo‘lib o‘tadi. Ushbu yangi tizim qanday bo‘lishi, ovoz berish jarayoni qanaqa tashkil etilishi ko‘pchilik saylovchilarni qiziqtirib kelmoqda.
Jumladan, saylovchilardan kelgan navbatdagi savol joriy yilgi saylovda saylovchiga nechta byulleten taqdim etilishi bilan bog‘liq. Bunga javoban Markaziy saylov komissiyasi a’zosi Muxtabar Husanova quyidagilarni ta’kidladi:
— Joriy yilgi saylovda ovoz berish jarayonida saylovchiga Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari saylovi uchun proporsional va majoritar tizim bo‘yicha ikkita byulleten taqdim etiladi. Proporsional tizimga oid byulletenda siyosiy partiyalarning nomlari keltirilgan bo‘lsa, majoritar tizim uchun byulletenda bir mandatli saylov okrugi bo‘yicha partiyalarning nomzodlari kiritilgan bo‘ladi.
Xalq deputatlari viloyat va Toshkent shahar Kengashi deputatlari saylovi uchun bitta byulleten va xalq deputatlari tuman, shahar Kengashi deputatlari sayloviga oid yana bitta byulleten beriladi. Ya’ni, bu galgi saylovda saylovchiga jami 4 ta byulleten taqdim etiladi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/5fdXyWoDHh4" title="Bu yilgi saylovda nechta byulleten beriladi?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Ta’kidlash lozimki, byulletenlarning ranglari alohida. Bu saylovchi uchun byulletenlarni ajratib olish imkonini beradi. Shuningdek, ovozlarni sanab chiqish jarayonida qaysi byulleten qaysi saylovga tegishliligini tezkorlik bilan ajratib, sanab chiqishda yengillik beradi.
Muhtarama Komilova,
Abror Sodiqov, Anvar Ahmedov (video),O‘zA