Bu yil bahor Baxmalning eshigini erta qoqmoqda
Turkiston tog‘ tizmalari etagida joylashgan Baxmal tumanida boshqa hududlarga qaraganda qish barvaqtroq boshlanib, bahor kechroq keladi. Ammo bu yil tabiat taqvimida biroz o‘zgarish bo‘ldi. Bahor erta boshlanayotir.
Odatda o‘rik Jizzaxda dovcha bo‘lgan paytda Oyqor etagidagi qishloqlarda endigina gullaydi. Bu yil qish issiq kelishi tufayli Baxmalda fevral oyida o‘rik gulladi. Boshqa mevali daraxtlar ham allaqachon qish uyqusidan uyg‘onib qo‘ydi.
Bog‘bonlar bundan tashvishda, albatta. Baxmalliklar qish bilan doim qor yog‘ib turgan vaqtda xayrlashadi. Barvaqt ochilgan gul qishning so‘nggi sovug‘ida nobud bo‘lishi yoki bahorning boshidagi seryomg‘ir, sernam kunlarda yaxshi changlanmasligi, tabiiyki, hosilning kamayishiga sabab bo‘ladi.
– Bizning qishloqdagi bu o‘zgarishlar ham butun dunyo olimlari, ekologlari tashvish bildirayotgan sayyoramizdagi iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liqdir balki, – deydi qirqqishloqliklik mehnat faxriysi Keldek To‘ychiyev.
– Biroq tabiatning bag‘ri keng. Hech qachon dehqonni noumid qilmagan. Bundan tashqari davlatimiz qishloq xo‘jaligida amalga oshirilayotgan islohotlar tufayli bog‘dorchilikdagi ishlar ham takomillashtirilib, sug‘orishning zamonaviy texnologiyalari qo‘llanilayotir. Xudo xohlasa, bu yil ham yaxshi bo‘ladi.
Bog‘dorchilik ota meros bo‘lgan baxmallik barcha bog‘bonu sahibkorning niyati shunday. Yaxshi niyat bilan ko‘chat ekib, bog‘ yaratish bilan band.
Bog‘dorchilikda tabiat noqulayliklaridan boshqa qiyinchiliklar ham ko‘p. Bu tarmoqda ham yerdan samarali foydalanish, hosildorlikni oshirish, sifatni yaxshilash, sotish, saqlash, mahsulot tannarxini arzonlashtirishda qator yangi muammolarni hal etish vazifasi bor. Endi avvalgiday eski bog‘lar, an’anaviy usuldagi bog‘bonlik bilan bu muammolarni hal etib bo‘lmay qoldi. [gallery-1271]
Keyingi yillarda davlatimizning xalqimizni qishloq mahsulotlari bilan ta’minlashga berayotgan e’tibori bilan bog‘dorchilikni rivojlantirishga ham yondoshuvlar o‘zgardi. Bog‘dorchilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklar, mahsulotni saqlash, sotish bilan shug‘ulanuvchi korxonalar, xorij texnologiyasi asosidagi intensiv bog‘lar ko‘paymoqda.
Qirqqishloqdagi meva saqlash muzlatkichi, bog‘dorchilik fermer, dehqon xo‘jaliklari, tomorqa yer egalaridan 16 a’zoni birlashtirgan “Baxmal meva yetishtiruvchilari” kooperativi bundan uch yil avval bog‘dorchilikka ilg‘or texnologiyalarni birgalikda joriy etish uchun tashkil etilgan edi. O‘tgan yili kooperativ a’zolarining umumiy yer maydoni 162 gektardan iborat edi. Yil oxirida kooperativ tarkibidagi muzlatkich korxonasining o‘ziga ham intensiv bog‘ yaratish uchun 10 gektar yer maydoni ajratib berildi.
Kooperativ tashkil etilgan paytda uning tarkibidagi asosan eski, past rantabelli bog‘lar edi. O‘tgan davrda kooperativ a’zolari bog‘larni jadal suratda yangilashga, xorij texnologiyasi asosida intensiv olmazorlar yaratishga kirishdi.
– Bog‘lar kengayib, mahsulot meva yetishtirish ko‘payishi bilan mahsulotni an’anaviy yerto‘la, suv o‘tkazilgan omborxonalarda saqlash bugungi bozor talabiga javob bermay qoldi, – deydi kooperativ rahbari, mahsulot saqlash muzlatkichi egasi Joniqul Xidirov.
– Shuning uchun Germaniya texnologiyasi asosida ishlaydigan 250 tonna sig‘imli muzlatkich qurdik. Muzlatkichda faqat kooperativ a’zolarining emas, qishlog‘imizdagi, qo‘shni Oyqor, Muzbuloq qishloqlaridagi fermer, dehqon, shaxsiy xo‘jaliklarning mahsulotlarini saqlayotirmiz. Omborimizda mevalarni uzoq muddat, masalan, olmani 12 oy davomida yangi uzilganday saqlash mumkin.
Ilgari an’anaviy yerto‘la, bino ichidan suv oqizib qo‘yish kabi an’anaviy usulda mevani uzoq muddat saqlab bo‘lmasdi. Hududda zamonaviy muzlatkichli omborlar yo‘qligi tufayli bog‘bonlar mevani qo‘shni tumanlardagi, Jizzax shahridagi omborlarga olib borishga majbur bo‘layotgandi. Ushbu muzlatkichli omborning ishga tushishi ularni olis masofaga qatnab qo‘shimcha xarajat va vaqt sarflashdan xalos qildi.
Faqat Qirqqishloqda emas, tumanning barcha hududida intensiv bog‘lar kengayib borayotir. Prezidentimizning 2020 yil 11 maydagi “Respublika hududlarini qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishga ixtisoslashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” qarori bu boradagi ishlar samaradorligini oshirishga xizmat qilmoqda.
Amalga oshirilayotgan ixtisoslashtirish tufayli tuman qishloq xo‘jalik sohasida jiddiy o‘zgarishlar yuz berdi. Bu avvalo, sohada avvalgi yillarga qaraganda bog‘ maydonlari, yetishtirilayotgan mahsulotning ko‘payib borayotganida ko‘rinib turibdi.
Tumanda 2018 yilda 370 gektar maydonda yangi bog‘ yaratilgan edi. 2019 yilda 1 ming 516, 2020 yilda 2 ming gektar yangi bog‘ barpo etildi. Shuningdek, yangi uzumzorlar 2018 yilgi 215 gektardan 2020 yilga kelib 1000 gektarga yetkazildi.
O‘tgan yil viloyat tumanlari bo‘yicha yetishtirilgan meva va uzumning eng ko‘pi Baxmal tumani hissasiga to‘g‘ri keldi. 2020 yilda 32 ming 370 tonna meva, 2 ming 870 tonnadan ziyod uzum yetishtirildi.
Tumanda lalmi yerlarga suv chiqarib, bog‘ va uzumzorlar barpo etishda ham ulakan ishlar amalga oshirilayotir. Joriy yilda 302 ta fermer xo‘jaliklari tomonidan 6 787 ga yer maydoni bog‘ va 84 ta fermer xo‘jaligi tomonidan 2 000 ga yer maydonida tokzorlar barpo etilishi ko‘zda tutilgan. Ekish grafigiga asosan, 2021 yil 15 martga qadar bog‘ va tokzorlarni barpo etilishi belgilangan.
Hozirgi kunda, bog‘ barpo etishga kirishgan 181 ta fermer xo‘jaligidan 80 dan ziyodi bu ishni yakunladi.
Tumanda bog‘ va tokzorlarni barpo etishda suv tejovchi texnologiyalarni joriy etishga katta e’tibor qaratilmoqda. Bu yo‘nalishda 102 ta loyihani amalga oshirish ustida ish olib borilmoqda.
Bugun Baxmalda barcha, yoshu keksa, erkagu ayol bog‘ ishlari bilan band. Hamma joyda ko‘chat ekish, bog‘larga ishlov berish, ariq qazish ishlari qizg‘in. Bu manzara, ishlar, odamlarning harakatda, g‘ayratiga nazar solinsa, baxmalliklar bahor kelishini tezlatib yuborgandek tuyulishi shubhasiz. Rostdan ham shunday. Barvaqt boshlangan ishning har doim barakasi bo‘ladi.
T. Beknazarov,
J. Yorbekov(surat),
O‘zA