“Bu mening tanlovim – bu mening Konstitutsiyam”
Navoiy shahridagi “Farhod” madaniyat saroyida mazkur shior ostida yangilanayotgan konstitutsiya, undagi o‘zgarishlar va kiritilayotgan yangi moddalarni tushuntirish hamda targ‘ib qilish maqsadida “NKMK jamg‘armasi” davlat muassasasi Navoiy hududiy boshqarmasi tizimida faoliyat olib borayotgan madaniyat xodimlari, sportchilar va ularning muarabbiylar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Unda Xalq deputatlari Navoiy shahar Kengashi deputatlari Sanjar Qurbonov va Aziza Aminovalar Bosh qomusimizga kiritilayotgan o‘zgarish va qo‘shimchalar haqida ma’lumot berib, unda inson huquq va manfaatlari davlat va jamiyat manfaatlaridan ustun ekanligi belgilanayotgani, ta’lim-tarbiya masalalari, o‘qituvchi maqomi yuksak huquqiy asosga ega bo‘layotganini alohida e’tirof etdi.
Ta’kidlanganidek, o‘tgan davr mobaynida Konstitutsiyaviy qonun loyihasi ustida qizg‘in ish olib borildi, loyiha yuzasidan kelib tushgan 220 mingdan ziyod takliflarning har biri o‘rganib chiqildi.

— E’tirof etish kerakki, muhokamalarda olimlar, yoshlar, o‘qituvchilar, tibbiyot xodimlari, tadbirkorlar, fuqarolik jamiyati instituti vakillari, xorijdagi vatandoshlarimiz, umuman Vatanimiz taqdiriga befarq bo‘lmagan yurtdoshlarimiz katta qiziqish bilan ishtirok etib, o‘z taklif va fikr-mulohazalarini bildirishdi, – deydi shahar Kengashi deputati Sanjar Қурбонов. – Qolaversa, xorijiy mamlakatlardagi vatandoshlarimiz bilan videokonferensaloqa orqali onlayn muhokama tashkil etildi hamda ularning Konstitutsiyaviy qonun loyihasi yuzasidan takliflari olindi. Shu bilan birga, Konstitutsiyaviy islohotlarning mazmun-mohiyati yuzasidan qator xorijiy davlatlarda konferensiya va davra suhbatlari o‘tkazilib, unda ishtirok etgan siyosiy doira vakillari va yetakchi ekspertlar o‘z takliflarini bildirishdi. Bundan tashqari, Konstitutsiyaviy qonun loyihasi turli ekspertizalardan, jumladan lingvistik, yuridik, gender-huquqiy, korrupsiyaga qarshi, jamoatchilik hamda inson huquqlari bo‘yicha normalarga muvofiqligi bo‘yicha ekspertizalardan o‘tkazildi. Amalga oshirilgan ishlar natijasi bo‘yicha Konstitutsiyamizning ham mazmunan, ham shaklan mutlaqo yangilangan matni tayyorlandi.
Yangi Konstitutsiyaviy qonun loyihasi bilan amaldagi Konstitutsiyamizning 65 foizi yangilanib, moddalari 128 tadan 155 taga, uning normalari esa 275 tadan 434 taga ko‘paymoqda. Amaldagi 128 ta moddadan 91 tasiga konseptual o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

— Konstitutsiyada har kimning mehnati uchun hech qanday kamsitishlarsiz hamda mehnatga haq to‘lashning belgilangan eng kam miqdoridan kam bo‘lmagan tarzda adolatli haq olish huquqi kafolatlanmoqda, – deydi "NKMK jamg‘armasi" davlat muassasasining madaniyat va sport faoliyatini tashkillashtirish guruhi rahbari Nargiza Hamidova. – Mazkur normaning Konstitutsiyada belgilanishi fuqarolarning ish haqlari miqdori shunchaki emas, aynan ularning munosib turmush kechirishini ta’minlashda, aholi turmush darajasini yaxshilashda va mamlakatimizda ijtimoiy adolatni ustuvor qadriyatga aylantirishda muhim ahamiyatga ega. Bundan tashqari, davlat fuqarolarning bandligini ta’minlash, ularni ishsizlikdan himoya qilish, shuningdek, kambag‘allikni qisqartirish choralarini ko‘rishi ham mustahkamlanmoqda. Bu yurtimizda inson qadri ulug‘lanayotganligidan dalolat.

Tadbirda ishtirokchilar joriy yilning 30 aprel kuni o‘tkaziladigan referendum jarayonlarida faol ishtirok etishlarini ta’kidlashdi.
A.Bo‘riyev, O‘zA