Bu mening shahrim, mening mahallam...
O‘zbekiston milliy universitetining kechki bo‘limida tahsil olganman. Kechki bo‘limda o‘qishning o‘ziga yarasha mashaqqatlari bor, albatta. O‘sha paytlarda transport qatnovini talab darajasida deb bo‘lmasdi. Ishdan o‘qishga, so‘ng uyga qaytish muammo edi. Mahallamizga qatnaydigan avtobuslar qosh qoraydi deguncha harakatini to‘xtatardi. Darsdan so‘ng uch-to‘rtta talaba Toshkent to‘qimachilik kombinati ishchilarini “Qo‘yliq-5” mavzesiga eltadigan navbatchi avtobusga yetib olishga harakat qilardik. Avtobusdan tushgach, uygacha yana kamida to‘rt chaqirim masofani piyoda bosib o‘tish kerak. Ora-sira o‘tib qoladigan mashinalar esa to‘xtamasdi. Chunki Xonobod qishlog‘i shahardan chetroqdaligi sabab, tunda yurishga ko‘pchilik hayiqardi.
Beruniy mahallasiga kiraverishda zax suv yig‘iladigan joy bor edi. Qamishzor, chakalakzor bo‘lganligi sabab tunda yurish qo‘rqinchli edi. Uzoq-uzoqlarda miltiragan chiroqlar ko‘rinib qolardi. O‘ydim-chuqur ko‘chalar. O‘sha paytlar otam Sergeli shaharchasidagi savdo do‘konlarining birida ishlardi. Onam bilan har kuni tunda o‘sha xilvat qamishzor yonida otamni kutgani chiqardik. U paytlar yolg‘iz yurgan yo‘lovchining yo‘lini to‘sib, tunab ketuvchilar ham uchrab turardi. Zax suvdan odam jasadi topilgan paytlar ham bo‘lgan va bu esa qishloq ahlini vahimaga solardi. Xullas, bu joylarda tunda yurish noxush oqibatlarni keltirib chiqarardi.
[gallery-12153]
Yaqin o‘tmishni eslab, qalamga olyapmanu, ko‘z oldimda keyingi yillarda namoyon bo‘layotgan o‘zgarishlardan hayratga tushyapman. Ayniqsa, Xonobodda metro qatnovining yo‘lga qo‘yilishi yoshi ulug‘ mahalla ahlining tushiga ham kirmagan. 2020 yilning avgust oyida Toshkent yer usti metrosining birinchi bosqichi ishga tushirilgan edi. Yilning dekabr oyida Sergeli yo‘nalishi ochildi. Bugunga kelib bu ikki yo‘nalishni bog‘lovchi Qo‘yliq – Sergeli metro yo‘li barpo etilmoqda. Qariyb 12 kilometrli bu qismda 7 bekat bo‘ladi. Ayni kunlarda uning “Quruvchilar” dahasigacha borgan 5 bekati qurib bitkazildi. Oldin Toshkent metropolitenidan 240 ming yo‘lovchi foydalangan bo‘lsa, bugungi kunda yo‘lovchilar soni 600 mingdan oshdi. Quruvchilar dahasidan Qipchoq bekatigacha bo‘lgan 4 kilometrli metro yo‘li ham yaqin oylarda ishga tushiriladi. Shu tariqa, Qo‘yliq va Sergeli orasidagi qatnov vaqti 15 daqiqani tashkil etadi. Mazkur yo‘nalish bir kunda 40 mingdan ziyod yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatadi.
Xizmatga chog‘lanib yo‘lga tushdim. Uzoqdan quyosh nurlarida moviy, zangori ranglarda ko‘zni qamashtiradigan metro poyezdiga ko‘zim tushdi. Shunda ruhimda bir quvonch hissini tuydim. Bu mening shahrim, bu mening mahallam, bu mening metrom, deb baralla hayqirgim keldi. Metro yo‘nalishini kuzataman. Inson ehtiyoji uchun xizmat qiluvchi do‘konlar, dorixonalar, mashinalar uchun yoqilg‘i quyish va servis xizmati ko‘rsatuvchi shoxobchalar. Tuni kunduzidan yorug‘ va oydin ko‘chalar. Bularning hammasi mehnatdan bo‘yin tovlamaydigan mard, kamsuqum va tanti xalqimiz uchun, albatta. Og‘ir kunlar ortda qoldi. Bunday sharoitlar o‘zining azaliy aqidasiga tayanib, men qiynaldim, farzandlarim qiynalmasin deb yashaydigan, o‘z ovoziga ega millat uchun yaratilmoqda. Ayniqsa, shaharsozlik misli ko‘rilmagan darajada yuksalib bormoqda. Arxitektura barcha sohalar qatori yuksalish bosqichiga chiqib oldi, deb baralla ayta olamiz.
Dam olish kuni nabiralarim bilan metroning Sergeli – Qo‘yliq yo‘nalishlari bo‘yicha harakatlanayotgan poyezdga chiqdim. Biri biridan go‘zal manzaralar. Shahar yo‘llarida harakatlanayotgan mashinalar oqimiga qarayman. Kimdir o‘qishga, kimdir ishga otlangan, yana kimdir o‘z yumushlari bilan yo‘lga chiqqan. Men shunchaki metroda shaharni tomosha qilish uchun chiqdim. Haqiqatdan ham hayratlanarli. Nabiralarimning quvonchini ko‘rib, ularga qo‘shilib yosh boladek hayqirgim keldi. Chunki haqiqatdan go‘zal. Yana bir jihati – qulay, arzon va tezkor. Bekatlar odamlar bilan gavjum. Vagonlar shinam, har bir bekat nomi e’lon qilinishidan tashqari, yana eshiklar tepasiga o‘rnatilgan monitor orqali ko‘rsatilib boriladi. Metro xizmatchilari birinchi bor poyezdga chiqqan yo‘lovchilarga har bir yo‘nalish bo‘yicha xushmuomalalik bilan munosabatda bo‘ladi. Bekatlardagi o‘ziga xos jihatlarni kuzataman. Bir-birini takrorlamaydigan ham sharqona, ham Yevropa usulidagi uyg‘unlik ko‘zni qamashtiradi.
Xorijlik sayyohlarga ko‘zim tushdi. Go‘zal lahzalardan hayratga tushib, qo‘llaridagi kameralar bilan shoshilib tasvirga olishmoqda. Shunda bir do‘stimning aytgan so‘zlari yodimga tushdi. Uning aytishicha, bir tanishining farzandi oilasi bilan xorijda ham ishlab, ham o‘qir ekan. Bir yilda bir bor farzandining oldiga borib, sayohat qilib kelisharkan. Xorijda ko‘rganlarini yurtimiz bilan taqqoslab, O‘zbekistonning ular darajasiga yetib olishi uchun kamida ellik yil kerak, derkan. Gapni qarang! O‘zbekning o‘ylab aytilgan bir maqoli bor: “Xo‘roz hamma yerda bir xil qichqiradi”. To‘g‘ri, ayrim sohalarda ular ildamdir. Ammo, biz bugunni kechagi kunimizga qiyoslab ko‘raylik. Bundan ellik yil ilgari ahvol qanday edi? Bugunga kelib nimalarga erishdik? Axir, bir joyda depsinib turganimiz yo‘q. Har sohada o‘z o‘rnimiz, o‘z yo‘limiz bor. Xorijliklarning yurtimizga kelib havas qilayotgan jihatlari yo‘qmi? Har bir kelgan xorijlikda bularga yetishimiz uchun yillar kerak, degan o‘y yo‘qmikan? Bizning madaniyatimizga, urf-odatlarimizga, mehmondo‘stligimizga, keksalarga mehribon, yoshlarga g‘amxo‘rligimizga ularning havasi kelmayaptimi?
Bunday millat, bunday yurt faqat shu zaminda yagona. Bu so‘zlarim ba’zilarga erish tuyulishi mumkin. Men shu yurtning farzandi ekanimdan faxrlanaman, shukur qilaman. Shukronalikda, qanoatda yashashga o‘rganishimiz lozim. Buning esa, albatta, mukofoti bo‘ladi. Kechagi kun tarixga aylandi. Bugungi kunga nazar tashlang, go‘yo mo‘’jiza deysiz. Davr o‘zgardi, dunyoqarash o‘zgardi. Kishilar turmushida yuksalish boshlandi. Zamon bilan emas, zamondan ildamlab, shijoat bilan yashashga ishtiyoq uyg‘ondi. Ustimiz but, qornimiz to‘q. To‘ylar qilyapmiz, zamonaviy uylar quryapmiz. Bu nimadan dalolat? Albatta, yurtimizdagi tinchlikdan, hamjihatlikdan. Yutuqlar ko‘p. Yaxshi natijalar bisyor. Insonlar turmushidan rozi bo‘lib yashash baxtiga erishmoqda.
Bu yurtimizda olib borilayotgan adolatli va izchil siyosatning amaldagi ifodasidir.
Asror Sulaymonov,
O‘zA muxbiri