Britaniyada ijtimoiy tarmoqqa kirgan bolalar yoshi aniqlanishi mumkin
Buyuk Britaniyada "Ofcom" media muvofiqlashtiruvchisi va ICO axborot komissari idorasi yirik ijtimoiy tarmoq platformalaridan 13 yoshgacha bo‘lgan foydalanuvchilarni aniqlash maqsadida qat’iy tekshiruv joriy etishni talab qildi. Bu so‘rov "Facebook", "Instagram", "Snapchat", "TikTok", "YouTube", "Roblox" va X jamoalariga qaratilgan.
Mutaxassislar fikricha, hozirgi tizimda bolalar xavfsizligi yetarli darajada ta’minlanmagan. Ko‘plab xizmat ko‘rsatish serverlari foydalanuvchi yoshini mustaqil ko‘rsatishiga tayanadi. Bunday tartib cheklovni oson chetlab o‘tish imkonini beradi.

"Ofcom" ma’lumotiga ko‘ra, ijtimoiy tarmoq uchun eng past yosh 13 etib belgilangan bo‘lsa-da, 10-12 yoshli bolalarning 86 foizi allaqachon shaxsiy akkauntga ega. Shu bois kattalar uchun xizmatda qo‘llanadigani kabi samarali yosh tekshiruv mexanizmi joriy etilishi taklif qilinmoqda.
Britaniya texnologiya vaziri Liz Kendall bolalar xavfsizligi masalasida hech bir platformaga “imtiyoz berilmasligi zarurligi”ni ta’kidladi. Uning aytishicha, kompaniyalar bolalarni himoya qilish uchun, sud qarorini kutib o‘tirmasdan, mas’uliyat bilan harakat qilishi kerak.
Texnologiya kompaniyalari esa o‘z tizimini himoya qilmoqda. Masalan, "Meta" sun’iy intellekt va yuzni tahlil qilish orqali yoshni aniqlash texnologiyasidan foydalanayotganini bildirdi, "TikTok" 2024-2025-yillarda 90 milliondan ziyod shubhali bola akkaunti o‘chirilganini ma’lum qildi. Darvoqe, mutaxassislar bolalarni himoya qilish uchun platformalardagi algoritm va tavsiya tizimini qayta ko‘rib chiqish lozimligiga ham urg‘u bergan.
Musulmon Ziyo, O‘zA