Bo‘z echkiemarga nosvoy chekdirganlarga chora ko‘rildi
Kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarda Buxoro viloyatida noyob jonzot — bo‘z echkiemarga nosvoy chekdirilib, unga azob berilayotgani aks etgan videolavha keng tarqaldi va bu jamoatchilik orasida jiddiy muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.
Ekologiya vazirligi Axborot xizmatining ma’lum qilishicha, mazkur holat bo‘yicha Buxoro viloyati Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi, viloyat prokuraturasi hamda ichki ishlar organlari xodimlari hamkorligida zudlik bilan o‘rganish ishlari olib borilgan.

Ma’lum bo‘lishicha, videodagi holat Jondor tumanida yashovchi fuqaro G‘.G‘. tomonidan sodir etilgan. Hayvon qo‘yib yuborilgach, aybdor shaxsga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 111-moddasi 1-qismi (hayvonlarga shafqatsiz munosabatda bo‘lish) bo‘yicha rasmiy bayonnoma rasmiylashtirilgan.
Ayni paytda ichki ishlar organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Ma’lumot uchun, bo‘z echkiemar — O‘zbekistonda tabiiy muhitda kam uchraydigan, zaiflashib borayotgan kenja tur hisoblanadi. Ushbu jonivor O‘zbekiston Respublikasi Qizil kitobi hamda Yovvoyi hayvonlar va o‘simliklarning yo‘qolib ketish xavfi ostidagi turlarining xalqaro savdosini tartibga solish to‘g‘risidagi konvensiyasi(CITES)ning I-ilovasiga kiritilgan.
Echkiemarlar asosan tog‘li hududlarda yashaydi, noyob ekotizim tarkibiy qismi hisoblanadi. Afsuski, ba’zi shaxslar tomonidan ushbu jonivorlarning hayoti xavf ostida qolmoqda.
Bir so‘z bilan aytganda sodir bo‘lgan holat jamiyatda hayvonlarga munosabat, tabiatga ehtiyotkorlik bilan yondashish masalalarini yana bir bor kun tartibiga olib chiqdi. Aslida har bir fuqaro qonun doirasida hayvonlarni asrash, tabiiy muhitni muhofaza qilish va biologik xilma-xillikni saqlash uchun mas’ul ekanini unutmasligi zarur. Shuningdek, yosh avlodda hayvonlarga nisbatan shafqatli munosabatni singdirish, ularda ekologik xulq-atvorni shakllantirish orqali ham bu kabi holatlarning oldini olishga erishish mumkin.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/evOhgrdKOC8?si=lxnQRGHCcQhZATdk" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>M.Eshmirzayeva, O‘zA