Boysunlik keksalar va yoshlar aholini sog‘lom turmushga undamoqda
Surxondaryo viloyatining Boysun tumanida erta tongdan nuroniylar va yoshlar “Sog‘lik uchun 5000 qadam” aksiyasi tashkil etib, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilmoqda.
O‘zbekiston mahallalari uyushmasi va “Nuroniy” jamg‘armasi viloyat bo‘limlari hamkorligida tashkil etilgan navbatdagi tadbir ishtirokchilari ham subhidamdan tuman markazida besh ming qadam piyoda yurib, ertalabki sport mashg‘ulotlarining inson organizmi uchun foydasini targ‘ib qildi. Yoshu keksa birgalikda badantarbiya mashg‘ulotlari bilan shug‘ullandi.


Mustaqillik mahallasida barpo etilgan zamonaviy vorkaut maydonchasida turli mashqlar bajarib, jismoniy faolligini oshirdi. Sportning futbol, voleybol, shaxmat-shashka turlari bo‘yicha bellashuvlar o‘tkazildi.


Aksiya tashkilotchilarining aytishicha, bahor faslida keksa avlod va yoshlar uchun tashkil etilayotgan sport mashg‘ulotlari aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini yanada mustahkamlab, odamlarning jismoniy faolligini oshirish va kun davomida xushkayfiyat bilan yurishiga xizmat qiladi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri