Boysunda yangi savdo majmuasi ish boshladi
Surxondaryo viloyatining Boysun tumani markazida yangidan barpo etilgan barcha sharoitlarga ega “Eko bozor savdo majmuasi” foydalanishga topshirildi.
Sektorlar rahbarlari, nuroniylar, yoshlar, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etgan tantanali tadbirda keyingi yillarda mamlakatimizda zamonaviy savdo va boshqa xizmatlar ko‘rsatish sifatini oshirishga qaratilayotgan e’tibor aholi farovonligini ta’minlab, munosib turmush kechirishi uchun xizmat qilayotgani ta’kidlandi. Bu jarayonda tobora go‘zal qiyofa kasb etib, dunyo sayyohlarini maftun etayotgan tog‘li tumanda ham keng qamrovli ishlar olib borilayotgani qayd etildi.

Yangi yilga mahalliy aholi va mehmonlar uchun munosib sovg‘a bo‘lgan zamonaviy savdo majmuasini “Narzi Qushbegi” xususiy korxonasi tez, sifatli bunyod etdi. Bu yerda sotuvchilar uchun ham, xaridorlar uchun ham yetarli qulaylik yaratilgan. Yangi majmua 150 ta savdo do‘koni va 170 ta savdo rastasidan iborat bo‘lib, tadbirkorlarning mijozlarga sifatli savdo xizmati ko‘rsatishi uchun barcha sharoit mavjud.


Tantanali marosimda Tojikiston Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Abdujabbor Rahmonzoda ishtirok etib, yangi savdo majmuasi bilan yaqindan tanishdi.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV,
O‘zA muxbiri