Boyitilgan un – salomatlik garovi
Un – xalqimiz eng ko‘p iste’mol qiladigan mahsulotlardan biridir.
Afsuski, unga ishlov berish chog‘ida tarkibidagi ozuqaviy moddalarning aksariyat qismi yo‘qolib ketadi. Shuning uchun barcha kerakli moddalarni yana unga qaytarish lozim. Shu o‘rinda qanday qilib, degan o‘rinli savol paydo bo‘lishi tabiiy, albatta.
Bunga faqat unni boyitish bilan erishish mumkin. Aniqroq qilib aytadigan bo‘lsak, tegirmonlarda un ishlab chiqarilayotganda un vitaminlar, foliy kislotasi va temir moddasi bilan to‘yintiriladi. Bu moddalarga ishlov berish jarayonida qiymatini yo‘qotmasligi uchun yakuniy bosqichda qo‘shiladi va yaxshilab aralashtiriladiki, natijada bir siqim unda ham barcha ozuqaviy moddalar mavjudligiga erishiladi. Boyitilgan undan pishirilgan taom, non va boshqa mahsulotlar o‘z xususiyatini yo‘qotmaydi, ta’mida ham o‘zgarishlar bo‘lmaydi. Non yopish jarayonida boyitilgan un 95 foizgacha o‘zining ozuqaviy moddalarini saqlab qoladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 10 noyabrdagi “Aholining sog‘lom ovqatlanishini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash bo‘yicha Sog‘liqni saqlash vazirligi SEO va JS xizmatining 2021 yil 12 yanvardagi 4-sonli buyrug‘i ishlab chiqilib, tashkilotlararo ekspert ishchi guruhi tashkil etildi.
Bug‘doy unini boyitish uchun xalqaro standart talablari bilan uyg‘unlashtirilgan, amalda qo‘llanilayotgan vitamin mineral aralashma (VMA) asosidagi (vitamin va minerallar) va JSST, Qozog‘iston Respublikasi Ovqatlanish akademiyasi mutaxassislari, Sog‘liqni saqlash vazirligi, xalqaro hamda hududiy ekspertlar tavsiyalarini inobatga olgan holda oliy navli bug‘doy unini boyitish uchun tegishli me’yorlarni qo‘llash taklifi qabul qilindi.
Ma’lumki, vitamin, mineral va mikroelementlar inson organizmida muhim rol o‘ynaydi. Mikronutriyentlar – inson organizmining normal o‘sishi va rivojlanishi uchun zarur bo‘lgan, o‘rnini boshqa narsa bosa olmaydigan oziq-ovqat moddalari (vitaminlar va mineral moddalar) hisoblanadi. Mikronutriyentlar tarkibiga inson tanasi o‘z-o‘zidan hosil qila olmaydigan mikromineral va vitaminlar kiradi. Ular metabolizm, inson miyasi va asab tizimining ishlashi, qon ivishining oldini olish va immun tizimining rivojlanishida muhim rol o‘ynaydi.
Bir so‘z bilan aytganda, inson tanasida biron-bir jarayon mikroelementlar ishtirokisiz o‘tmaydi. Inson organizmining oziq-ovqat bilan tushadigan mikronutriyentlar yetarli emasligi sababli kasalliklarning rivojlanishiga olib keladi. Mikroelementlarning inson ratsioniga muntazam ravishda qo‘shilishi salomatlikni asrash hamda mustahkamlashning oddiy va juda samarali usulidir.
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik
va jamoat salomatligi xizmati.
O‘zA