Boshqaruvda zamonaviy kompetensiyalarni rivojlantirish – muhim omil
Prezident huzuridagi Boshqaruv samaradorligi agentligi tashabbusi bilan Namangan davlat texnika universitetida strategik samaradorlik va zamonaviy kompetensiyalarni rivojlantirishga qaratilgan hamkorlik uchrashuvi o‘tkazildi.
Davlatimiz rahbarining 2025-yil 5-maydagi “Istiqbolli kadrlarni maqsadli tayyorlash hamda ularni davlat boshqaruvi va xizmatiga samarali jalb etish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi doirasida tashkil etilgan tadbirda Prezident huzuridagi Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi, Boshqaruv samaradorligi agentligi Namangan filiali, Namangan viloyati hokimligi mutasaddilari, davlat organlari, tashkilotlar, hokimliklar va xususiy sektorda faoliyat yuritayotgan 200 nafarga yaqin istiqbolli kadrlar qatnashdi.
Mazkur hujjatda davlat boshqaruvi tizimi uchun zamonaviy bilim va kompetensiyalarga ega, strategik fikrlaydigan, professional va vatanparvar rahbar kadrlarni tayyorlash hamda ularning salohiyatini uzluksiz rivojlantirish ustuvor vazifa sifatida belgilandi.

Ushbu farmonda ayniqsa, hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish ehtiyojlariga mos, islohotlarni amaliy natijalarga aylantira oladigan zamonaviy boshqaruv kadrlarini shakllantirish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan.
Namangan viloyati hokimining o‘rinbosari Otabek Bozorov, Boshqaruv samaradorligi agentligi Namangan filiali boshlig‘ining muovini Jahongir Ergashev davlat boshqaruvi samaradorligida zamonaviy rahbar xususiyatlari to‘g‘risida so‘z yuritdi.


Qayd etilganidek, davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi ayni shu vazifalarning ijrosini ta’minlashda boshqaruv uchun strategik fikrlovchi, yuqori mas’uliyat va zamonaviy kompetensiyalariga ega rahbar kadrlarni tayyorlash, ilm-fan, ta’lim va amaliyot integratsiyasini kuchaytirish hamda boshqaruv faoliyatiga ilg‘or yondashuvlarni joriy etishni o‘z faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilagan.
Uchrashuvda davlat boshqaruvida amalga oshirilayotgan islohotlar, strategik samaradorlikni ta’minlash, rahbar kadrlarda zamonaviy kompetensiyalarni shakllantirish, natijadorlikka yo‘naltirilgan boshqaruv madaniyatini rivojlantirish hamda kadrlar zaxirasini tayyorlashning ustuvor yo‘nalishlari muhokama qilindi.

Akademiya bitiruvchisi, Markaziy bank Namangan viloyati bosh boshqarmasi boshlig‘i Bekzod Sulaymonov karerasidagi o‘sish va hayot tajribasi to‘g‘risida batafsil to‘xtalib o‘tdi. Shuningdek, akademiyada o‘quv jarayonlari va yaratilgan shart-sharoitlar hamda tinglovchilarning ta’lim jarayonlari bo‘yicha fikr-mulohazalari aks etgan videoroliklar namoyish etildi.
Davlat boshqaruvi tizimi uchun zamonaviy bilim va kompetensiyalarga ega rahbar kadrlarni tayyorlashga qaratilgan muloqotda akademiyada yaratilgan imkoniyatlar, ta’lim dasturlari, qabul jarayonlari va kadrlar salohiyatini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida atroflicha ma’lumot berildi. Shuningdek, ta’lim maskani bitiruvchilarining amaliy tajribasi va muvaffaqiyatli faoliyat yo‘li ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Tadbir yakunida Prezident huzuridagi Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasiga qabul jarayonlari yuzasidan savol-javob o‘tkazildi. Ko‘plab ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.

Bunday tashabbus davlat xizmatida strategik fikrlaydigan, yuqori mas’uliyatli, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega rahbar kadrlar zaxirasini shakllantirish, hududlarda amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligini yanada oshirish hamda Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi maqsadlariga erishishga xizmat qiladi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA